O'zbekiston delegatsiyasi Rossiya va Qirg'izistondagi yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik bitimlarini imzoladi

0

O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasi, “Ziyo forum” fan-ta'limni rivojlantirish jamg'armasi vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi Rossiya federatsiyasining Rostov-Don shahrida bo'lib o'tgan Yevroosiyo iqtisodiy Kengashiga a'zo davlatlarining Yoshlarni o'zini-o'zi boshqarish organlari Assotsiatsiyasi I S'yezdida ishtirok etdi.

— Mazkur S'yezd Yevrosiyo iqtisodiy Kengashiga a'zo davlatlarning yoshlar jamoat tashkilotlari va kuzatuvchilari o'rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, – deydi O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi v.v.b Shavkat Zayniddinov. — Tashrifimiz mobaynida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish,  ta'lim va madaniy-ma'rifiy tadbirlarni o'tkazish bo'yicha o'zaro fikr-mulohazalar yuritdik. Shuningdek, yoshlar siyosati, ekologiya, turizm, ommaviy axborot vositalari sohalariga doir loyihalarimiz taqdimotini o'tkazdik.

S'yezd doirasida Armaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya va O'zbekiston yoshlar tashkilotlari o'rtasida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda yil yakuniga qadar Yevrosiyo iqtisodiy Kengashiga a'zo davlatlarining Yoshlarning o'zini-o'zi boshqarish organlari Assotsiatsiyasi yo'l xaritasi loyihasi muhokama qilindi. Ekspert komissiyasi loyiha hujjatlariga O'zbekiston delegatsiyasining yoshlar turizmi va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo'yicha takliflari kiritildi.

Tadbir yakunida mamlakatlarning barqaror rivojlanishi jarayonida yoshlarning fuqarolik ishtiroki, shuningdek, yoshlarning mamlakatlararo samarali hamkorligiga ko'maklashish bo'yicha qo'shma ikki tomonlama tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bilan Rossiya Federatsiyasi Yoshlar hukumatlari assotsiatsiyasi va Qirg'iziston Respublikasi Birlashgan yoshlar tashkiloti o'rtasida o'zaro hamkorlik bitimlari imzolandi.

— Hamkorlik bitimlari orqali ikki mamlakat yoshlari o'rtasidagi do'stona aloqalarni mustahkamlash, o'zaro fikr almashish asosida mamlakatlararo yoshlar masalalari sohasidagi hamkorlikni qo'llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz, – deydi O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Denis Kim. —Hamkorlik doirasida ilmiy-amaliy konferensiyalar, forumlar, seminarlar tashkil etishni ham kelishib oldik.

 

loading...