DXX Xiva shahridagi noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo'ydi

0

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo'yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB sa'y-harakati bilan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining Xiva shahridagi mahalliy yoshlardan iborat yashirin guruhi faoliyatiga chek qo'yildi.

Aniqlanishicha, 2003 y.t. fuqaro 2020 yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tavhid va jihod katibasi” tashkiloti emissarlari ta'siriga tushib qoladi va ularning radikal g'oyalarini qo'llab-quvvatlay boshlaydi.

Joriy yilning yanvar oyidan esa u Xiva shahridagi masjidlardan biriga ibodat qilish uchun kelgan yoshlar orasida “jihodchilar” g'oyalarini targ'ib qilish bilan shug'ullanadi. Natijada 7 kishidan iborat guruh shakllanadi va ular 1980 hamda 1982 y.t. aka-ukaga tegishli mehmonxonada o'zaro yig'inlar o'tkazib kelishadi.

E'tiborli jihati shundaki mazkur aka-ukaning 2005 y.t. bir nafardan farzandlari ham guruh a'zolari sanaladi.

Muntazam o'tkazilgan yig'inlar vaqtida ular internet tarmog'i orqali yuklab olingan diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar g'oyaviy rahnamolarining, jumladan, “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning “hijrat” va “jihod”ga chorlovchi audio-video ma'ruzalari hamda da'vatlarini tinglab, o'zaro muhokama qilishgan.

Shuningdek, ular Suriyadagi jangarilar safiga borib qo'shilganda foydalanish uchun sportning qo'l jangi turi bilan ham shug'ullanishgan.

Ta'kidlash lozimki, noqonuniy guruhning 1998-2005 yillar oralig'ida tug'ilgan a'zolari orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabasi hamda Xiva shahridagi umumiy o'rta ta'lim maktabining 2 nafari o'quvchisi bor.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida guruh a'zolarining ayrimlari noqonuniy boylik orttirish maqsadida giyohvand moddalar savdosi va o'g'irlik jinoyatlarini amalga oshirganliklari ham ma'lum bo'ldi.

Shuningdek, ularning mobil telefon apparatlarida respublikamiz qonunchiligida taqiqlangan audio-video ko'rinishidagi diniy materiallar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX matbuot xizmati

loading...