UZCARD plastik kartadan pul o'g'irlovchi firibgarlardan ogohlantirdi

0

UZCARD tizimidagi plastik kartalardan pul o'g'irlash holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda kompaniya o'z mijozlarini ogohlantirdi.

Ogohlantirishda aytilishicha, so'nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda UZCARD ma'lumot sahifalaridan nusxa ko'chirish hollari tez-tez uchrab turibdi. Firibgarlar UZCARD brendidan foydalanib, mavjud bo'lmagan loyihalar doirasida pul mukofotlarini to'lashni va'da qilib, odamlarni aldayotgani aniqlangan. Kompaniya axborotiga ko'ra, «to'lovlar»ning sabablari turlicha bo'lishi mumkin, har safar firibgarlar aldashning yangi sxemalarini o'ylab topmoqda.

«Yodingizda bo'lsin, agar siz amalga oshirmagan harakatlar to'g'risida SMS-xabar olgan bo'lsangiz, bank kartasi tafsilotlari, SMS orqali qabul qilingan bir martalik parollar, bank yoki to'lov tizimi nomidan boshqa shubhali murojaatlar haqida ma'lumot so'rovi kelsa, bilingki, siz bilan yomon niyatli kimsalar bog'langan.

Sizdan olingan ma'lumotlar ularga hisobingizni masofadan boshqarish, shuningdek, mablag'larni boshqa hisoblarga qiyinchiliksiz o'tkazishni amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, tasdiqlanmagan saytlarga parollar va shaxsiy ma'lumotlarni kiritishda hushyor bo'ling, shaxsiy ma'lumotlaringizga uchinchi shaxslarning kirishiga yo'l qo'ymang.

Agar sizga nisbatan jinoyat sodir etilgan bo'lsa, darhol xizmat ko'rsatuvchi bank bilan bog'laning, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering. Har qanday shubhali SMS yoki qo'ng'iroqlar haqida UZCARD kompaniyasining +998 (71) 200 28 28 telefon raqamiga (yoki info@uzcard.uz pochtasiga) xabar bering», deyilgan kompaniya xabarida.

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here