“Tolibon” yetakchilari o'rtasida kelishmovchilik boshlandi

0

Harakatning yuqori martabali amaldorlaridan biri Mulla Barodar va Xalil Rahmon Haqqoniy o'rtasida kelishmovchilik boshlangani BBC’ga ma'lum qilingan. Barodar bosh vazirning birinchi o'rinbosari bo'lsa, Haqqoniy migratsiya masalalari bo'yicha vazir hisoblanadi.

Xabarda aytilishicha, ikki amaldor bir-biriga keskin so'zlar aytgan. To'qnashuvda tarafkashlik holati ham ro'y bergan bo'lishi mumkin.

Nizoga Mulla Barodarning yangi hukumat tuzilishidan noroziligi sabab bo'lgan. Ammo BBC kelishmovchilikning tub ildizi toliblar g'alabasiga kim asosiy hissa qo'shganligi masalasiga borib taqalishini taxmin qilmoqda. Xususan, Barodarning fikricha, “Tolibon”ning hokimiyatga kelishida siyosiy qanot va u o'tkazgan muzokaralar katta rol o'ynagan. Xalil Haqqoniy va uning ortida turgan “Haqqoniy tizimi” guruhi esa g'alabaga harbiy muvaffaqiyatlar sabab bo'lgan, deb hisoblamoqda.

Mulla Barodarning toliblar harbiy qanoti bilan nizosi haqidagi xabarlar bir necha kundan buyon tinmayapti. Uning o'zi bir haftadan beri ko'rinish bermagan. Ba'zi manbalar Barodar Kobulni tark etib, Qandahorga jo'nab ketganini ma'lum qildi. Uning qaerda ekani haqida “Tolibon”ning o'zi ham bir-biriga zid bayonotlar bermoqda. Masalan, dastlab uni Qandahorga ketganligi aytilgan. Ammo keyinchalik “Mulla Barodar charchagan va unga dam olish zarur”ligi xabar qilindi.  Shu bilan birga bosh vazir birinchi o'rinbosari tez orada Kobulga qaytishi va rasmiy bayonot berishi ham mumkin.

loading...