Surxondaryolik futbolchi kaltaklanganini aytdi. «Surxon» u klub rahbarini haqorat qilganini ma'lum qildi (video+foto)

0

Internetda Termizning «Surxon» klubi futbolchisi Javohir Esonqulov 3 kishi tomonidan do'pposlanganini aytib bergan video tarqaldi. Unda futbolchi o'zini klub direktorining o'g'li, jamoa sardori Asror G'ofurov va sport direktori Abdumajid Toirov do'pposlaganini aytgan.

Bu holat futbol jamoatchiligida keng muhokama qilindi. «Surxon» klubi bu borada bayonot berdi. Unda aytilishicha, Esonqulov klub rahbarining kabinetiga kiraverishdagi devorga uni haqorat qiluvchi so'z yozib qoldirgan. Futbolchi bunday yozuv yozgani haqida tushuntirish xati ham yozib bergan. Xat klub Telegram kanalida e'lon qilindi.

Termiz klubi bayonoti

«Bir necha daqiqa oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali «Surxon» klubi sobiq futbolchisi Javohir Esonqulov o'zini kaltaklaganliklari bo'yicha tegishli organlarga murojaat qilganligi to'g'risidagi videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiribdi.

Voqelikni boshidan boshlaymiz:

1. «Surxon» klubi va sobiq futbolchi Javohir Esonqulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2021 yilning 21 iyul kuni ikkala tomonning o'zaro kelishuviga ko'ra bekor qilingan va futbolchi klubdan hech qanday moliyaviy e'tirozi yo'qligi haqidagi rasmiy xujjatga qo'l qo'yib tasdiqlab bergan. Shundan so'ng futbolchi PFL ro'yxatidan chiqarilgan.

2. Sobiq futbolchi shartnoma bekor qilingan bo'lsa-da, klub ofisiga doimiy tashrif buyurib, yana qo'shimcha pullar talab qila boshlagan.

3. Sobiq futbolchilar Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev o'zaro til biriktirib, klub ofisi eshigi yonida klub rahbari nomiga nisbatan qo'pol so'zlar bilan uning shaxsini kamsitgan.

4. Klubdagi bu vaziyatlardan xabar topgan jamoa sardori Asror G'ofurov vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida har ikkala futbolchini klub ofisiga olib kelgan va bu so'zlarni nega yozgani bo'yicha izoh so'ragan. Dastlab futbolchilar ushbu so'zlarni ular yozmaganliklarini aytishgan, lekin ularning har bir harakati klub ofisida o'rnatilgan kuzatuv kameralarida yozib olingan.

5. Jamoa sardori Asror G'ofurov futbolchilarga shu jamoada o'ynab, shu jamoani nonini yeb, tuzlig'iga tupurmaslik kerakligini tushuntirgan va o'rtada ziddiyat paydo bo'lib, ikkala futbolchi bir-birlari bilan mushtlashib ketgan.

6. Klub sport direktori Abdumajid Toirov va klub birinchi vitse-prezidenti A.Abdurahmonov har ikkala futbolchini ajratib, ularni yarashtirib qo'yishgan.

Quyida sobiq futbolchilar J.Esonqulov va A.Xodjayev o'z aybiga iqror bo'lib, yozma ravishda uzr so'rashgan:

Sobiq futbolchilarga O'zbekistonda qonun ustuvor ekanini, har bir fuqaro davlat himoyasida ekanini, uning shaxsi kamsitilishiga yo'l qo'yilmasligini eslatib qo'ymoqchimiz», deyiladi «Surxon» klubi bayonotida.

Ma'lumot uchun, 24 yoshli Javohir Esonqulov Surxondaryo viloyatida tug'ilgan. Faoliyati davomida «Bunyodkor», «Metallurg», «Nasaf», «Qo'qon-1912» jamoalarida o'ynagan. Faoliyati avvalida esa Rossiyadagi yoshlar jamoasida harakat qilgan.

kun.uz

loading...