AQShda infeksiyaning virusli yoki bakteriyali ekanini ajratib beruvchi ekspress-testni qo'llashga ruxsat berildi

0

AQSh Oziq-ovqat va farmatsevtika boshqarmasi (FDA) organizmga tushgan infeksiyaning qanday — virusli yoki bakteriyali ekanini 15 daqiqada aniqlaydigan birinchi ekspress-testni o'tkazishga ruxsat berdi. BV Test deb nomlangan test Isroilning MeMed kompaniyasi tomonidan Yevropa Ittifoqi va AQSh Mudofaa vazirligining 30 million dollarlik maxsus grant mablag'lari hisobiga ishlab chiqilgan.

Ma'lum qilinishicha, test infeksiyaning sababini aniqlamaydi, ammo virusli va bakteriyali infeksiyaga qarshi immunitet javobining maxsus tahlili tufayli u tezda natija beradi.

«Bu diagnostika sohasida mutlaqo yangi so'z», — deya Financial Times Utrext universiteti tibbiyot markazining yuqumli kasalliklar bo'yicha mutaxassisi, pediatriya professori Lui Bontanning so'zlarini keltirdi. Professor testning klinik sinovlarida ishtirok etgan.

«Bolani yo'tal bilan olib kelishganda, biz uning yo'tali bakteriyali infeksiyadan kelib chiqqanmi yoki virusli infeksiyadanmi, (ushbu test orqali) tezda aniqlay olamiz. Agar unda bakteriyali infeksiya bo'lsa, antibiotik beramiz, agar virus bo'lsa, antibiotik mumkin emas», — dedi u.

MeMed ekspress-testlarining klinik sinovlari Utrext markazida uch oydan beri o'tkazilmoqda. Yangi testni o'rganish va sinovdan o'tkazishda Garvard tibbiyot maktabi, Nyu-Yorkning Maymonid nomi ostidagi markazi va Isroilning Xillel Yaffe tibbiyot markazi tadqiqotchilari ham ishtirok etgan.

kommersant.ru

loading...