Denovda kesilgan 109 tup daraxtning bahosi 65 mln so'm emas, salkam 1 mlrd bo'lib chiqdi

0

Dastlab, Rasul Kusherbayev Surxondaryo viloyatining Denov tumani markazida noqonuniy kesib tashlangan 109 ta daraxt masalasida nima uchun jinoyat ishi qo'zg'atilmagani yuzasidan ichki ishlar vaziri va bosh prokurorga kiritgan deputatlik so'roviga avvalroq ichki ishlar vaziridan javob kelganini ma'lum qildi.

Vazir javobida Denovdagi 109 tup daraxt kesib tashlanganida huquqbuzar yetkazgan zarar Ekoqo'mita Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan 65 mln so'm hisoblangani va bu ko'p miqdorni tashkil etmagani, 329 mln so'm hisoblangan zarar Hukumat qaroriga asosan beshga ko'paytirib chiqarilgan summa ekani, jinoyat ishi qo'zg'atishda birlamchi summa (65 mln so'm) inobatga olinishi bois, jinoyat ishini qo'zg'atish rad qilingani bildirilgan.

Shundan so'ng, deputat 109 ta daraxtga 65 mln so'm to'g'ri kelishi qanchalik asosli, degan savol bilan Ekoqo'mitaga murojaat qilgan.

Qo'mitaning deputatga yuborgan javobida zarar belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqilgani hamda miqdor 65 mln emas, 995 mln so'mni tashkil etgani ma'lum qilingan.

Rasul Kusherbayev Kun.uz’ga taqdim etgan hujjatda keyingi hisoblashda zarar miqdori nega 995 mln so'm chiqqaniga izoh berilgan. Qo'mitaning ma'lum qilishicha, 65 mln so'mlik zarar Hukumatning 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli qarori bilan hisoblangan. Keyingi hisoblash esa Hukumatning 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qaroriga binoan amalga oshirilgan va zarar summasi karrasiga baland ekani aniqlangan.

Zarar miqdori Qo'mita markaziy apparati tomonidan rasman 995 mln so'm ekanligi tasdiqlangach, deputat holat bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atish masalasida yana bir bor ichki ishlar vaziriga murojaat qilgan.

“Menimcha buyog'iga boshqa “fortochka” qolmadi. Endi natija va axborotni kutamiz” – deydi Rasul Kusherbayev.

kun.uz

loading...