DXX Toshkent va Farg'ona viloyatlarida firibgarlik holatlariga chek qo'ydi

0

DXX Toshkent va Farg'ona viloyatlarida firibgarlik holatlariga chek qo'ydi, deb xabar berdi O'zA.

 

Ma'lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Parkent tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs (1978 y.t.) bog'dorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo'jaligi rahbarining ishonchiga kirgan. U rahbarga tanishlari orqali «Ipak Yo'li» bankining Chilonzor tuman filialidan 3 mlrd so'm miqdorida kredit ajratilishiga yordam berishni va'da qilgan. Buning evaziga umumiy kredit miqdorining 10 foizini berishini so'ragan.

 

O'tkazilgan tezkor tadbirida mazkur shaxs so'ralgan pulni 28 ming dollar ekvivalentida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Bundan tashqari, Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasining Farg'ona mintaqaviy inspeksiyasi mansabdor shaxslaridan biri ham pora olayotganda ushlandi. U qum-shag'al qazib olish faoliyati bilan shug'ullanuvchi MChJ rahbaridan «Markaziy Farg'ona» suv ombori atrofidagi qum barxanlaridan litsenziyasiz foydalanishiga ruxsat berish va yuqori inspeksiyadan bo'ladigan tekshiruvlarni hal etish evaziga 5,6 ming dollar so'ragan.

 

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur mansabdor shaxs muqaddam ushbu maqsadlarda 5 ming dollar olganligi ham ma'lum bo'ldi.

 

Shuningdek, Toshkent viloyati Bekobod shahar hokimligining mansabdor shaxslaridan biri «Ayollar daftari» ro'yxatida turuvchi fuqaroga hokimlik balansida bo'lgan ikki xonali uy ajratilishida yordam berishini aytgan. U buning evaziga 5 ming dollar talab qilgan. Mansabdor shaxs so'ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.

 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

loading...