«Shantaj» chi o'qituvchiga chora ko'rildi

0

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog' tumanidagi maktabda bolalar polda o'tirgan holda darsda qatnashayotgani aks etgan videolavha 11 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Holatga munosabat bildirgan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktabning ayrim o'zaro qarindosh bo'lgan o'qituvchilari va direktor orasidagi kelishmovchiliklar sababli ataylab shunday qilinganini aytgandi. Viloyat prokuraturasi ushbu holat bo'yicha o'rganish natijalarini e'lon qilib, muassasa mas'ullariga chora ko'rilganini bildirdi.

Unga ko'ra, maktab binosi 420 o'quvchi o'ringa mo'ljallangan bo'lib, 1974 yilda qurilgan. Binoni ta'mirlash uchun 2021 yilda 3 milliard so'mdan ortiq pul ajratilgan, qurilish-ta'mirlash ishlari 10 sentyabrda yakunlangan.

 

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktab binosiga qurilish ishlari yakunida 27 ta sinfxona uchun 405 ta parta, direktor, uning o'rinbosari xonalariga 1 to'plamdan hamda o'qituvchilar xonasiga 2 to'plamdan zaruriy jihozlar yetkazib berilishi belgilangan bo'lib, qurilish ishlari yakuni bo'yicha hujjatlar rasmiylashtirilayotgani sabab jihozlar yetkazib berilmagan. Oqibatda maktab ma'muriyati eski jihozlardan foydalanib, o'quv yilini boshlagan.

 

O'qituvchilar N.S. va O.S.ning maktab direktori bilan dars taqsimoti masalasida yuzaga kelgan kelishmovchiligi sabab o'quv yili boshlangan kunlari maktabda mavjud jihozlangan xonalarda dars o'tish imkoniyati bo'lishiga qarmay, maktab ma'muriyatining tashkiliy masalalardagi kamchiliklarini ijtimoiy tarmoqlarda bo'rttirib ko'rsatish maqsadida 5-sinf o'quvchilariga partalar joylashtirilmagan xonada dars o'tgan.

 

Ularga ta'lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining obro'siga salbiy ta'sir ko'rsatishga uringani uchun maktab pedagoglari va kasaba uyushmasi a'zolarining qo'shma yig'ilishi qarori bilan hayfsan intizomiy jazosi berilgan.

 

Shuningdek, tekshiruv natijasi bo'yicha maktabning o'quv yiliga tayyorgarlik ko'rish va o'quv jarayonini to'g'ri tashkil qilishda mas'uliyatsizlikka yo'l qo'ygan maktab direktori Sh.Q., o'quv ishlari bo'yicha direktor o'rinbosari A.X. va xo'jalik mudiri J.J.ga nisbatan intizomiy javobgarlik to'g'risida ish qo'zg'atilgan.

loading...