Bojxonachilar 15,3 milliard so'mlik parfyumeriya  vositalarining soxta tranzitini fosh etdi

0

Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari respublikamizlan tranzit tarzida olib o'tilayotgan tovarlarni yurtimiz hududida tushirib qoldirib, noqonuniy ravishda ichki bozorga yo'naltirishga bo'lgan urinishni bartaraf etishdi.

Davlat bojxona qo'mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan o'tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda respublika hududiga tranzit ravishda olib kirilib, go'yoki qo'shni davlatga olib chiqilishi rejalashtirilgan tovar-moddiy boyliklarni ichki hududda tushirib qoldirilganligi fosh qilindi.

Birlashgan Arab Amirliklaridan yuk avtotransport vositasida keltirilayotgan, hujjatlarga ko'ra 48 ming 341 AQSh dollari qiymatidagi salkam 26 tonna og'irlikdagi parfyumeriya vositalari dastlab Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara-bojxona posti orqali respublikamiz hududiga kiradi.

Tranzit tarzida harakatlanayogan mazkur yuklar qo'shni davlatga chiqishi uchun Farg'ona viloyatidagi “O'zbekiston” chegara bojxona postiga yo'naltiriladi.

Ammo, tezkor ma'lumotlar asosida mazkur yuk avtotransport vositasi Toshkent viloyatining Angren shahri hududida bojxona xodimlari tomonidan to'xtatilib, belgilangan tartibda ko'zdan kechiriladi. Natijada, tegishli hujjatlarga muvofiq avtomashinaga ortilgan parfyumeriya vositalarining katta qismi yo'l davomida tushirib qoldirilganligi ma'lum bo'ldi.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlaridan so'ng yuk avtotransport vositasidagi parfyumeriya tovarlari poytaxtimizning Sergeli tumanidagi omborlardan biriga noqonuniy ravishda tushirib qoldirilganligi aniqlandi.

Shunday qilib, mazkur tezkor tadbir natijasida sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo'lmagan 95 ming 577 dona parfyumeriya vositalarining yashirin aylanmasiga chek qo'yildi.

Qiymati salkam 15,3 mlrd. so'mni tashkil qilayotgan mazkur tovarlarning egasi ham aniqlanib, ushbu shaxsga nisbatan tegishli protsessual xujjatlar rasmiylashtirildi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o'tgan davri mobaynida aniqlangan 7824 ta kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 574 mlrd. so'mdan ziyod bo'lgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga chek qo'yilgan.

loading...