Shavkat Mirziyoyev Xorazmga keldi

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog'istondan Xorazm viloyatiga ketayotib, dastlab Amudaryoda qurilayotgan ko'prikni ko'zdan kechirdi.

Davlat rahbari ushbu ko'prik loyihasi bilan o'tgan yili dekabrda Xorazmga tashrifi chog'ida  tanishgan, ko'p o'tmay uning qurilishi boshlangan edi. Bugungi kunda qirg'oqlar temir-beton bilan mustahkamlanib, ko'prikning tayanch ustunlari qurilmoqda.

Loyihaning qiymati 174 million dollar bo'lib, uning evaziga 80 kilometrlik temir yo'l va Amudaryo ustida 413 metr uzunlikdagi ko'prik barpo etiladi.

Prezident qurilish ishlarining borishini ko'zdan kechirdi.

– Bu odamlar uzoq yillar kutgan loyiha. Endi yanada ko'p yillar xalqimizga xizmat qilishi kerak. Shuning uchun birinchi o'rinda sifat. Ajratilgan mablag' kichkina emas. Tajribali mutaxassislarni jalb etib, har bir jihatni o'ylab, elimga, yurtimga deb qurish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu infratuzilmalarning samaradorligi juda yuqori. Masalan, Xorazm viloyati bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi o'rtasidagi temir yo'l masofasi 240 kilometrga, vaqti esa 6 soatga qisqaradi. Mahalliy yuk tashish hajmi yiliga 12 million tonnadan 25 million tonnaga oshadi. Shuningdek, xalqaro tranzitlar uchun ham qulaylik kengayadi. Avtomobillar harakati yaxshilanib, aholining uzog'i yaqin bo'ladi.

Shundan so'ng prezident Urganch shahriga jo'nab ketdi. Shavkat Mirziyoyev bugun Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o'tkazadi.

loading...