FIRIBGAR YIGITNING SO'NGGI MANZILI

0

Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi binosida sud jarayoni ketmoqda. Sudning qora kursisida esa Shavkat Halimovich Ro'ziyev (maqoladagi ism-familiyalar shartli ravishda o'zgartirilgan) nigohini yerga tikkanicha o'tiribdi. Shu o'rinda yaqinlarning ko'ziga qarashga ham yuzi chidamayotgan Shavkat Ro'ziyevning tarjimai holiga bir nazar tashlab o'tsak. Shavkat Halimovich Ro'ziyev — Toshkent shahrida tug'ilgan, millati o'zbek, O'zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti oliy, vaqtincha ishsiz, oilali, uch nafar farzandi bor, muqaddam sudlangan:

1) jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudining 18. 03. 2010 yildagi hukmiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi JKning 177-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan aybdor deb topilib, 9420000 so'm miqdorida jarima jazosi tayinlanib, 25. 10. 2010 yildagi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «Amnistiya to'g'risida»gi qaroriga asosan jazodan ozod qilingan;

2) jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Yashnobod (sobiq Hamza) tuman sudining 27. 08. 2011 yildagi ajrimiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi JKning 661-moddasiga asosan tomonlar yarashganligi munosabati bilan tugatilgan;

3) jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudining 03. 02. 2016 yildagi hukmiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi JKning 144-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 1302400 so'm miqdorida jarima jazosi tayinlangan;

4) jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudining 19. 12. 2018 yildagi hukmiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi JKning 205-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, JKning 45-moddasini qo'llab, JKning 59-moddasi tartibida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan 1 yil muddatga mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga sudlangan. Jinoyat ishlari bo'yicha Uchtepa tuman sudining ajrimiga asosan JKning 73-moddasi qo'llanilib, qo'shimcha jazo mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosining 6 oy 12 kun muddatga jazosidan ozod qilingan, jinoyat ishlari bo'yicha Uchtepa tuman sudining ajrimiga asosan JKning 73-moddasi qo'llanilib, axloq tuzatish ishlari jazosidan 1 yil 4 oy 5 kun muddatidan ilgari shartli ozod etilgan.

Bu ma'lumotlarni o'qirkansiz beixtiyor yoqa tutishingiz va Shavkatning shuncha xatolardan xulosa chiqarmasdan yana egri yo'lni tanlaganini ko'rib, hayron qolishingiz tayin. Chindan ham, «Bukrini go'r tuzatadi», deganlaridek Shavkat Ro'ziyev 2019 yil aprel oyida Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan «Navro'z» to'yxonasi oldida va Toshkent shahrining boshqa joylarida bo'la turib, aldash yoki ishonchni suiistemol qilish yo'li bilan o'zganing mulkini qo'lga kiritish maqsadida, G'anisher Abdukarimovich Boqiyevning ishonchiga kirib, unga Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanida joylashgan to'yxonalardan biri yonidagi 55 sotix yer maydonini 100000 AQSh dollariga sotib olib berishni va'da qilib oldindan 50000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, bergan va'dasini bajarmasdan, olgan pullarini o'zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborib, G'. Boqiyevga 422274500 so'm miqdorda moddiy zarar yetkazgan.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan olingan ma'lumotga ko'ra, 01. 05. 2020 yilda 1 AQSh dollarining O'zbekiston Respublikasi so'miga nisbatan qiymati 8445, 49 so'mga teng bo'lib, 50000 AQSh dollari 422274500 so'mni tashkil qiladi.

Sudlanuvchi Shavkat Halimovich Ro'ziyev sud majlisida aybiga to'liq iqror bo'lib, dastlabki tergovda bergan ko'rsatuvlarini tasdiqlab, rahbarlik lavozimida ishlab yurgan vaqtida tanishi A. Omonov orqali G'. Boqiyev bilan tanishganligini, u G'. Boqiyevga Yakkasaroy tumanida joylashgan to'yxona oldida 55 sotix yer maydoni borligini, ushbu yerga ko'p qavatli avtoturargoh qurish mumkinligini, agar ma'qul kelsa avtoturargoh qurishda yordamlashishini aytib, uni yer maydoniga olib borib, u yerni ko'rsatganini tan oldi.

— Qalay, joyning o'zi ma'qul tushdimi? — ko'zlarini xiyol qisganicha G'anisherga tikildi Shavkat.

G'. Boqiyev og'zining suvi qochgudek bo'lib, yoyilib kuldi:

— Bo'lmasam-chi, aka, axir bunaqa joyni har kuni ham taklif qilishavermaydi.

— Agar yer maydoni ma'qul kelgan bo'lsa, tezroq harakatni qilib ishga kirishish kerak, — dedi Shavkat. — Chunki bunaqa yaxshi joyning xaridori ham ko'p bo'ladi, vaqtida otni qamchilamasak yerni boshqalar ilib ketishi mumkin.

— Bo'ldi, aka, siz nima desangiz shu, — darrov yelkasini qisib, Shavkatning so'zlarini ma'qulladi G'anisher.

— Ey, yo'q, bundan bu yog'iga men nima desam shu emas, siz nima desangiz shu bo'ladi. Axir bu joyni men emas, siz sotib olyapsiz, — beo'xshov tirjayib gapirdi Shavkat.

— O'zingiz yo'l-yo'rig'ini ko'rsatib yubormasangiz, mening bunaqa ishlarga umuman tishim o'tmaydi, — tag'in o'zini hech nima tushunmaydigan sodda qilib ko'rsatdi G'anisher.

— Birinchi o'rinda joyning planshetini tayyorlab, ochiq eshiklar kuni Toshkent shahar hokimiga planshetni taqdim qilish kerak, agar hokim ruxsat bersa avtoturargoh qurishni boshlab yuboraverasiz.

— Aka, bu yog'iga yordam beraman dedingiz, endi u yog'ini ham o'zingiz bir nima qilib bering. Rosti, men planshet va boshqa hujjatlarni qanday tayyorlashni ham bilmayman. Nima xizmat bo'lsa, aytaverasiz, u yog'idan xavotir olmang, — deya qo'lini ko'ksiga qo'ydi G'anisher.

— Yaxshi, muomalali yigit ekansiz, mayli, yordam berganim bo'lsin, — deya qo'lini G'anisherga uzatdi Shavkat. — Lekin o'zingiz aytganingizdek, bu ishlar bexarajat bitmaydi.

— Aka, aytdim-ku, siz hujjatlarni tayyorlayvering, u yog'iga nima desangiz barchasini muhayyo qilamiz, — bu safar ikki qo'lini ham ko'ksiga qo'yib, yaltoqlandi G'anisher.

— Yerning narxi qancha bo'lishini men sizga aytdim. Bundan tashqari hamma ish bitib, yer maydoni qonuniy sizning nomingizga rasmiylashtirilganidan keyin menga o'n ming AQSh dollari berasiz.

Shavkatning bu so'zlarni eshitgan G'anisher qo'llarini ko'ksidan olmagan ko'yi «Xo'p, xo'p», deya bosh irg'adi.

— Yuz mingning yarmini zaklat tariqasida oldindan berib qo'yasiz, qolganini notariusga borganda berasiz, ma'qulmi?

— Ma'qul, aka, ma'qul!

2019 yilning bahor oylarida Sh. Ro'ziyev G'. Boqiyev bilan uchrashdi va undan avtoturargoh uchun tayyorlanadigan hujjatlar uchun deb 50000 AQSh dollari miqdorida pul oldi. Keyin esa joy uchun planshetni chizdirib tayyorlab, planshetni G'anisherga berdi. Biroq ochiq eshiklar kuni Toshkent shahar hokimiyatiga kirib, planshetni ko'rsatganida arxitektura xodimlari unga qurilishga ruxsat berishmadi. Shundan so'ng hafsalasi pir bo'lgan G'. Boqiyev Shavkatdan olgan pullarini qaytarib berishini talab qildi. Ammo 50000 AQSh dollari allaqachon Sh. Ro'ziyevning jig'ildonidan o'tib ketib bo'lgan, endi bu pullarni qaytarishning aslo iloji yo'q edi.

Ellik ming dollar nafaqat O'zbekistonda, balki AQShda ham ellik ming dollar-da, shu bois G'anisher tez-tez Shavkatdan pulini so'ray boshladi. Oxir-oqibat Sh. Ro'ziyev 2020 yilning may oyida tanishlari guvohligida G'anisherga yerni hujjatlashtirib berishi evaziga pul olganligi haqida tilxat yozib berishga majbur bo'ldi. So'ngra G'. Boqiyevdan olgan 50000 AQSh dollarini bo'lib-bo'lib qaytara boshladi. Shu tariqa 50000 dollardan 40000 dollarini uzdi, biroq qolgan 10000 AQSh dollarini qaytarib bera olmadi. Natijada yana G'anisherning qon bosimi ko'tarilib, ortiqcha gap-so'zlar ko'paydi…

Sud majlisida Sh. Ro'ziyev qilgan ishidan pushaymon ekanligini bildirib, oilada yagona boquvchi ekanligini, uch nafar farzandi borligini va oilaviy sharoitini inobatga olib ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo tayinlashni so'radi.

Sud davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachining fikrlarini, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko'rsatuvlarini eshitib, muhokama qilib, jinoyat ish hujjatlarini o'rganib chiqib, Sh. Ro'ziyevning jinoyat sodir etganlikdagi aybi, tergov oldi surishtiruv ishlari jarayonida to'plangan hujjatlar: ariza, tushuntirish xatlari, narsani olish va ko'zdan kechirish bayonnomasi, narsani ashyoviy dalil deb e'tirof etish va uni jinoyat ishiga birlashtirish qarori, so'roq qilish va yuzlashtirish bayonnomalari hamda jinoyat ishi bo'yicha barcha to'plangan O'zbekiston Respublikasi JPK 95-moddasi tartibida tekshirilgan va baholangan boshqa dalillar bilan to'liq isbotlangan, deb hisoblaydi.

Dastlabki tergov organi tomonidan Sh. Ro'ziyevning jinoiy harakati O'zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan firibgarlik, ya'ni aldash yoki ishonchni suiiste'mol qilish yo'li bilan o'zganing mulkini yoki o'zganing mulkiga bo'lgan huquqni juda ko'p miqdorda qo'lga kiritishda ifodalangan harakatlari bilan to'g'ri kvalifikatsiya qilingan.

Sud hukmiga ko'ra, Shavkat Halimovich Ro'ziyevga o'talmay qolgan asosiy va qo'shimcha jazolarni qisman va to'liq qo'shish yo'li bilan uzil-kesil o'tash uchun 6 oy 12 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 (besh) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukm qonuniy kuchga kirganidan so'ng sudlanuvchi Sh. Ro'ziyevdan jabrlanuvchi G'. Boqiyev foydasiga 106350000 (bir yuz olti million uch yuz ellik ming) so'm miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilab qo'yildi.

Mana, aziz o'quvchilar, firibgarlik bilan bog'liq yana bir jinoyat ishini e'tiboringizga havola qildik. O'ylaymizki, ushbu maqoladan har kim o'ziga tegishli xulosa chiqarib oladi.

Xusan PARPIYEV,

jinoyat ishlari bo'yicha Yakkasaroy tuman sudi sudyasi

Sunnatullo ABDIMUROD o'g'li, jurnalist

 

 

loading...