Liviya milliy armiyasi qo'mondoni Xalifa Haftar o'z lavozimini vaqtincha tark etdi

0

Haftar LMA qo'mondonligini uch oy muddatga general-polkovnik Abdurazzoq an-Nodiriyga topshirdi. U 2021 yilning 23 sentyabridan 24 dekabrigacha armiya qo'mondoni vazifasini bajaradi.

Telekanal xabariga ko'ra, Haftar unga Liviya prezidentligi uchun nomzodini qo'yishga ruxsat beruvchi saylov qonuni qabul qilinganidan ikki hafta o'tib iste'foga chiqdi, u mag'lubiyatga uchragan taqdirda yana harbiy lavozimiga qaytishi mumkin. Liviya prezidentlik saylovi to'g'risidagi qonunga ko'ra, davlat rahbari lavozimiga da'vogarlik qiluvchi har bir fuqaro, u harbiy bo'lsa ham, saylov kunidan kamida uch oy oldin iste'foga chiqishi kerak.

Liviya tarixidagi birinchi prezidentlik saylovlari Liviya siyosiy muloqot forumida erishilgan kelishuvlarga muvofiq shu yilning 24 dekabrida o'tkaziladi. Saylovlar 2019 yilning bahorida bo'lib o'tishi kerak edi, lekin Haftar kuchlarining Tripoliga hujumi tufayli noma'lum muddatga qoldirilgandi. Hozirda Haftardan tashqari yana to'rt kishi saylovda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

20 sentyabr, dushanba kuni Liviya Oliy Davlat Kengashida (ODK, faqat maslahat berish vazifasini bajaradi) ko'pchilikni tashkil qiluvchi «Musulmon birodarlar» uyushmasi vakillari hozirgi sharoitda saylov o'tkazishning iloji yo'qligini ma'lum qildi. Ular hozir faqat parlament saylovlari o'tkazilishini va prezident saylovlari konstitutsiya bo'yicha referendumdan so'ng, ya'ni 2023 yildan keyin tashkil qilinishini talab qildi.

2011 yilda Liviya inqilobi yetakchisi Muammar Kaddafi ag'darilib, qatl etilganidan so'ng, Liviyada yagona boshqaruv organi tuzishga muvaffaq bo'linmadi. Mamlakatda qo'sh hukumat o'rnatildi: bir tomondan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tan olgan bosh vazir Faiz Sarraj boshchiligidagi Milliy kelishuv hukumati (MKH), boshqa tomondan, Haftar tomonidan qo'llab-quvvatlangan bosh vazir Abdulla Abdurrahmon at-Tani boshchiligidagi muvaqqat hukumat.

Qarama-qarshilik 2020 yilning oktyabr oyigacha davom etdi. O'shanda  MKH va LMA bo'linmalarining besh nafardan harbiy xizmatchisini o'z ichiga olgan qo'mita qo'mita a'zolari Jenevada sulh bitimini imzoladi.

Fevral oyida Shveysariyada BMT huzurida o'tkazilgan Liviya siyosiy muloqoti forumi davomida yagona hukumat va davlat rahbari vazifasini bajaruvchi prezident kengashi saylandi. Kengashga Liviyada dekabr oyida o'tkaziladigan prezident va parlament saylovlariga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish vazifasi yuklatildi.

loading...