Namanganda 71 kilogacha tosh bosadigan oshqovoqlar pishdi

0

Shitob bilan o'zgarib borayotgan globallashgan zamonamizda ko'z ko'rib, quloq eshitmagan mo''jizalar ham bo'larkan. Namangan viloyatining Uchqo'rg'on tumanidagi “Paxtachi” mahalla fuqarolar yig'ini hududida yetishtirilgan gigant oshqovoqlar bunga yaqqol misol.

Sabzavotlarni havas va mehr ila parvarishlagan 65 yoshli Azimjon ota Qo'chqorov xonadoni a'zolari yoz fasli avvalida Rossiyadan keltirilgan bu noyob o'simlik urug'ini ekishgan edi. E'tiborlisi, tomorqaning bir chetiga qadalgan 10 ta urug'dan sakkiztasi unib chiqdi. Bugunga kelib pishib yetilgan kuzgi ne'mat hosili o'z natijasini berdi. Uzib olingan oshqovoqlarning oddiysi 27 kilogrammdan, ulkan pishib yetilgani 71 kilogrammgacha tosh bosadi.

Chinakamiga dehqonchilik mo''jizasi bilan dong'i butun viloyatga yetgan dovruq qozongan oila katta hajmdagi oshqovoqlarni qarindosh-urug', mahalla kuy va yaqinlarga ehson tariqasida tarqatdi. Dehqonchilikda katta tajriba to'plagan xonadon sohiblari yurtimiz tuprog'ini yoqtirib qolgan ushbu ekinni ommalashtirib, oilaviy biznesning asosiy turiga aylantirishni niyat qilgan.

loading...