Rossiyaning Xabarovsk o'lkasida g'oyib bo'lgan samolyot bo'laklari qo'riqxonadan topildi. Ekipaj a'zolarining hammasi halok bo'lgan

0

«2021 yil 23 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan 12:00 da Bolshexexsirskiy davlat qo'riqxonasi tizmasining tepasida qidiruv ishlari olib borilayotgan vaqtda, halokatga uchragani taxmin qilinayotgan An-26 samolyotining bo'laklari topildi»,— deyiladi Rossiya Tergov qo'mitasi veb-saytida.

Halokat joyi Favqulodda vaziyatlar vazirligining vertolyoti yordamida olib borilayotgan qidiruvda aniqlangan. Samolyot noqulay joyga qulab tushgani sababli qutqaruvchilar u yerga qiyinchilik bilan yetib borgan.

Halokat joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar ekipaj a'zolarining birortasini tirik holda topmadi — ularning hammasi halok bo'lgan. Ushbu ma'lumotni qidiruv operatsiyasi joyida bo'lgan «Interfaks» manbasi tasdiqladi.

«Moskva vaqti bilan 10:55 da birinchi qidiruv guruhi An-26 halokatga uchragan joyga yetib bordi. Ekipajning barcha a'zolari halok bo'lgan, ularning jasadi topildi», — deya xabar qildi «RIA Novosti» suhbatdoshi.

An-26 samolyoti 22 sentyabr kuni kechqurun radarlardan g'oyib bo'ldi va Xabarovskdan 40 kilometr uzoqlikda u bilan aloqa uzildi. «Parvoz tekshiruvlari va tizimlari» kompaniyasiga tegishli samolyot Xabarovsk o'lkasida aloqa vositalari va radiolokatsiya uskunalarini tekshirish bilan shug'ullanayotgan edi. Samolyot bortida olti kishi bo'lgan.

Halokatning dastlabki sabablari yomon ob-havo sharoiti yoki uchuvchilarning xatosi deb baholanmoqda. Tergov qo'mitasi hodisa yuzasidan jinoiy ish ochdi.

12 sentyabr kuni Rossiyaning Irkusk viloyatida samolyot qulab tushib, 4 kishi halok bo'lgandi. Undan bir oy avval, 12 avgust kuni esa Kamchatka o'lkasida sayyohlarni olib ketayotgan Mi-8 vertolyoti ko'lga qulab tushgan. Mi-8 bortida 16 kishi bo'lgan, ulardan 8 nafari bedarak yo'qolgan.

loading...