Xalqaro festivalda 400 nafarga yaqin kinoijodkor ishtirok etadi

0

Poytaxtimizdagi «O'zbekfilm» kinokonserni katta maydonida » Ipak yo'li durdonasi» kinofestivali oldidan matbuot anjumani o'tkazildi.
Matbuot anjumanida  Bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov, Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov qatnashdi. Kinoijodkorlar  va jurnalistlarga festival haqida ma'lumot taqdim etildi. Shuningdek, matbuot anjumanida tadbirni onlayn kuzatib turgan xorijlik mehmonlar ham chiqishlar qildi.

Matbuot  anjumanida ma'lum qilinishicha,    «Ipak yo'li durdonasi xalqaro festivaliga 400 nafarga yaqin kinoijodkor va 37 mamlakatdan 55 nafar taniqli kino yulduz ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Festivalning ochilish marosimiga Ozarbayjon, Belarus, Misr, Isroil, AQSh, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog'iston, Qirg'iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Turkiya singari davlatlardan  mashhur kinoijodkorlar ham tashrif buyuradi.

«Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o'tkazish to'g'risida»gi Prezident qaroriga binoan, «Ipak yo'li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali joriy yil 28 sentyabrdan 3 oktyabrgacha o'tkaziladi.

Uzoq kutilgan tadbir – «Ipak yo'li durdonasi» xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi, «Panorama» nomi bilan mashhur bo'lgan kinoteatr binosida bo'lib o'tadi, u «Kinochilar uyi» deb nomlandi.  Kino majmuasi hududida filmlarni namoyish qilish uchun bir nechta kinozal, shuningdek, filmlarning premyerasini o'tkazish uchun mo'ljallangan 1890 o'rinli Katta kino va konsert zali mavjud.

Bugungi kunga kelib kinoteatrda keng ko'lamli rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda:  bino zamonaviy, yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlanmoqda. Bu yerda ulkan kino zali, konferensiyalar va tadbirlar uchun zal ochiladi. Kinoteatrda Kino tarixi muzeyi ham bo'ladi. Muzey ekspozitsiyasida milliy kino san'ati paydo bo'lgan birinchi kundan buyon to'plangan noyob asarlar va eksponatlar mavjud. Ta'kidlash joizki, kapital rekonstruksiya binoning oldingi  me'moriy ko'rinishiga ta'sir qilmagan. Kinoteatr fasadining ko'rinishi saqlab qolinadi.

Eslatib o'tamiz, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali nomi bilan ham  mashhur bo'lgan Toshkent xalqaro kinofestivali 1968 yildan 1997 yilga qadar Davlat kinematografiya qo'mitasi va Kinoijodkorlar uyushmasi tomonidan o'tkazilib kelingan.

loading...