Respublika velosport mahorat maktab-internati tashkil etiladi

0

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, yurtimizni xalqaro sport maydonlarida munosib ravishda tanitish maqsadida barcha hududlarda keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining 5 ta muhim tashabbusidan biri aynan shu yo'nalishga qaratilgani ham buni yaqqol isbotlab turibdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 sentyabrda qabul qilingan “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, velosport turlarini 2021–2022 yillarda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

2022/2023 o'quv yilidan Turizm va sport vazirligi tizimiga kiradigan Respublika velosport mahorat maktab-internati va qo'shimcha 25 ta bolalar-o'smirlar sport maktablarida hamda sportning o'yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktablarida velosport turlari bo'yicha bo'limlar tashkil etiladi.

Mazkur qarorga asosan, Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo'yicha bo'limlar ish boshlashi rejalashtirilgan. Respublika velosport mahorat maktab-internati o'quvchilarining umumiy kontingenti 100 nafarni tashkil qiladi.

Mazkur maktab-internatga velosport turlari bo'yicha belgilangan sinov imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tgan o'quvchilar 2022/2023 o'quv yilidan har yili 5-sinfga qabul qilinadi.

2022/2023 o'quv yildan boshlab, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, barcha olimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari bo'yicha amaldagi o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich oshirib boriladi. O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus va Farg'ona filiallarida velosport turlari bo'yicha bakalavriat ta'lim yo'nalishi ochiladi. Shuningdek, O'zbekiston velosport federatsiyasi huzurida O'zbekiston professional velosipedchilar sport klubi faoliyati yo'lga qo'yiladi. Har yili 3 iyun kuni Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uzunligi 15–20 kilometrdan kam bo'lmagan velomarafonlar tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, 2022 yildan har yili velosportning shosse (Road) va tog' (MTB) turlari bo'yicha Toshkent viloyatida “Oqtosh-Chorvoq-Mountain”, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Samarqand viloyatida “Save-Aral” ko'p kunlik xalqaro velopoygalari o'tkaziladi.

Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida veloshosse sport majmuasi quriladi.

Mazkur qaror mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlarda muhim dasturilamal bo'lib xizmat qiladi.

loading...