Rossiyada ichkilikka berilgan 47 nafar o'zbekistonlik ortga qaytarib yubordi

0

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi bir guruh O'zbekiston fuqarolarining yo'llagan murojaati yuzasidan ma'lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Perm shahridagi qurilish ob'yektlarida ishlash uchun kelgan bir guruh o'zbekistonlik mehnat migrantlarining va'da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani, qishki maxsus kiyimlar bilan ta'minlanmagani haqida murojaati tarqalgan.

O'zbekiston va Rossiya hukumatlari o'rtasida 2017 yil 5 apreldagi «Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to'g'risida»gi bitim ijrosini ta'minlash, fuqarolarni xorijiy davlatlarda munosib ish o'rinlariga jalb qilish maqsadida 2021 yilning 21 may kuni Rossiyaning Resurs+ MChJ va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o'rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan.

Ushbu kelishuvga muvofiq, iyun avgust oylarida Andijon (8), Namangan (4), Farg'ona (351) va Qashqadaryo (47) viloyatlaridan 410 nafar fuqaro tashkillashtirilgan tartibda Perm o'lkasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.

Ta'kidlanishicha, ushbu fuqarolarning Rossiyaga borish bilan bog'liq transport xarajatlari «Resurs+» korxonasi hisobidan qoplangan.

«Biroq ishlash uchun yuborilgan fuqarolarning 47 nafari mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarini buzib, mehnat shartnomasi talablariga rioya etmagan. Xususan, spirtli ichimliklarni ish joyida iste'mol qilish kabi holatlar muntazam kuzatilgani sababli, ushbu mehnat migrantlari bilan mehnat shartnomalari muddatdan oldin bekor qilinib, O'zbekistonga qaytarilgan», — deyiladi xabarda.

Fuqarolarning ishlagan davri uchun oylik ish haqi, ish beruvchi tomonidan qilingan xarajatlarni qaytarish masalalari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va ish beruvchi korxona o'rganib chiqmoqda.

loading...