Pentagon: AQSh va Rossiya o'rtasidagi harbiy aloqalar zarurat darajasida amalga oshirilmoqda

0

AQSh Qurolli Kuchlari rossiyalik hamkasblari bilan ziddiyatlarning oldini olish uchun muhim bo'lgan aloqalarni faqat zarurat darajasida olib bormoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi brifing chog'ida aytib o'tdi.

Shu tariqa, Kirbi AQSh bosh shtab boshliqlari raisi general Mark Milli aytgan gaplarga izoh berdi. Milli Rossiya bilan harbiy aloqalarni kengaytirish, jumladan, mamlakatlar o'rtasidagi urush ehtimolini kamaytirish haqida bosh qotirishni taklif qilgandi.

«Ishonchim komilki, general Milli bu cheklovlarni yaxshi biladi. AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Millining ushbu chegaralarda Rossiya armiyasi bilan muloqotni davom ettirishi va ziddiyatni bartaraf qilishiga ishonch bildirmoqda», — dedi Kirbi.

Uning tushuntirishicha, AQSh Mudofaa vazirligi Rossiya bilan harbiy hamkorlikni ham siyosiy sabablar, ham «Rossiyaning Ukrainadagi agressiv harakatlari natijasidagi qoidalar tufayli» to'xtatgan. Kirbi mamlakatlar o'rtasida faqat o'ta zarur aloqalar saqlanib qolganini aytdi. «Bizning Rossiya armiyasi bilan aloqalarimiz o'ndan ziyod o'zaro munosabatlarga qadar qisqartirildi, bu ikki tomonning harakatlarini noto'g'ri baholash xavfini kamaytiradi va harbiy harakatlar paytida nizolarning oldini oladi», — dedi u. Misol tariqasida, Kirbi Suriya bo'yicha hamkorlikka ishora qildi.

Milli 25 sentyabr kuni jurnalistlarga AQSh Rossiya bilan harbiy aloqalarni kengaytirish yo'llarini izlashi kerakligini aytgandi. Xususan, mashg'ulotlarga kuzatuvchilarni yuborish uchun ruxsatnoma almashish masalasi ko'rib chiqilishi kerak. General ikki davlat o'rtasidagi harbiy aloqalar hozir faqat yuqori rahbariyat darajasida saqlanib qolganini ta'kidlagan. Uning fikricha, mamlakatlar o'rtasidagi ishonchning oshishi ular o'rtasida urush ehtimolini kamaytiradi.

loading...