BOLALARDA O'TKIR APPENDISIT KASALLIGI Cabablari, belgilari, tekshiruv usullari

0

Ma'lumki, tibbiyotda minglab sindromlar yoki kasallik belgilari mavjud. Shulardan, bolalarda qorin og'rig'i eng ko'p uchraydi.

Hatto, qorin va qorin bo'shlig'iga umuman aloqasi bo'lmagan tana a'zolari kasalliklari ham bolalarda qorin og'irig'i bilan kechishi mumkin. Shulardan biri o'tkir ko'richak (appenditsit) kasalligidir.

Xo'sh, ushbu xastalikning paydo bo'lishiga qanday omillar sabab bo'ladi? Uning salomatlikka xavfi nimada? SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Sog'liqni saqlash vazirligi bolalar bosh xirurgi Nozim O'rmonovga murojaat qildi.

— Bolalarda o'tkir ko'richak kasalligining kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo'ladi?

— O'tkir appenditsit – chuvalchangsimon o'simtaning yallig'lanishi hisoblanib, u go'dak bolalarda kamroq, katta yoshli bolalarda esa ko'proq uchraydi. Ushbu kasallik turli virusli xastaliklar, bodomcha bezlar, quloq pardasining yallig'lanishi va boshqa yiringli kasalliklardan so'ng boshlanishi mumkin. Bola qancha yosh bo'lsa, chuvalchangsimon o'simtadagi yallig'lanish va chirish jarayoni shuncha tez rivojlanadi.

Kasallikning kelib chiqishiga asosan ovqatlanish tartibi va ichak faoliyatining buzilishi, surunkali yallig'lanishlar sabab bo'ladi.

— Kasallik belgilari bolaning yoshiga qarab qanday farqlanadi?

— Katta yoshli bola bu kasallikda qornidagi og'riqdan shikoyat qiladi, isitma ko'tariladi, qayt qiladi, qabziyat kuzatiladi.

Og'riq dastlab qorinni butunlay qamrab oladi, so'ng o'ng yonbosh sohasiga o'tadi va doimiy kuzatiladi. Bola odatda chalqanchasiga yoki o'ng yonboshi bilan yotadi.

Boisi, bunda og'riq biroz susayadi, biroq har qanday harakat og'riqni zo'raytiraveradi. Vaqt o'tib, og'riq biroz pasayadi, lekin yo'qolmaydi. Qorin paypaslab ko'rilganda o'ng yonbosh sohasida kuchli og'riq seziladi, qorin mushaklari taranglashgan bo'ladi.

Appenditsitda go'dak bola bezovta bo'ladi, injiq bo'lib qoladi. Uyqusi buziladi, qayt qiladi, isitmasi 38-39 darajaga ko'tariladi. Bolaninng o'ng yonboshi paypaslanganda cho'chib uyg'onadi yoki og'riqdan yig'laydi.

— Bolalarda o'tkir appenditsitning necha xil turi uchraydi?

— Ularda bu kasallikning ikki – oddiy yoki kataral va destruktiv turi uchraydi. Destruktiv appenditsit o'z navbatida flegmonali hamda gangrenali o'tkir ko'richakka bo'linadi.

Destruktiv appenditsit ko'rinishlaridan biri shuki, u teshiladi va peritonit – qorin pardasining yallig'lanishiga sabab bo'ladi. Ba'zida chuvalchangsimon o'simta atrofida yiringdon paydo bo'lishi ham mumkin.

— Bu kasallik qanchalik tez rivojlanadi?

— Shuni alohida ta'kidlash lozimki, o'tkir appenditsit kattalarga qaraganda bolalarda kuchli va tez o'tadi. Ya'ni, 6-12 soat o'tmasidanoq, appendiks devori chirib, yorilishi va qorin bo'shlig'iga yiring tarqalib ketishi mumkin.

Shu bois, ota-onalar farzandining qorin sohasidagi og'riqlariga aslo bee'tibor bo'lmasliklari zarur.

Afsuski, ko'pincha ayrim ota-onalar boladagi qorin og'rig'i bilan kechuvchi xirurgik xastaliklarda shifokorga murojaat qilmasdan, bemorni uyda saqlab, og'riqni qoldirish uchun qoringa issiq jismlar qo'yishga, ichni yurituvchi va og'riqni qoldiruvchi dori vositalarini ichirishga, huqna qilishga harakat qiladilar.

Ushbu muolajalar ba'zan bolaning qorin og'rig'ini biroz yengillatishi va uning umumiy ahvolini yaxshilashi mumkin.

Biroq yallig'lanish jarayoni to'xtamagani uchun birozdan so'ng og'riq yana avjiga chiqadi. Qorin devorlari taranglashib, nafas olish qiyinlashadi. Yurak tez yra boshlaydi. Holbuki, bu paytda qimmatli vaqt boy berilib, qorin bo'shlig'iga yiring tarqalgan bo'ladi.

Bunda birdan-bir oxirgi chora bolani zudlik bilan shifoxonaga olib borib, operatsiya qilishdir. Afsuski, ba'zida jarrohlik amaliyoti ham foyda bermasligi mumkin.

Shu bois, shifokor sifatida ota-onalarga bunday hollarda kasallikni o'zboshimchalik bilan davolamasliklarini maslahat beraman.

— Kasallikni aniqlash uchun qanday tibbiy tekshiruvlar amalga oshiriladi?

— Bolalardagi o'tkir appenditsit bir necha xil laborator tekshiruvlar orqali aniqlanadi. Aniq tashxis qo'yish va boshka kasalliklardan farqlash uchun ultratovush tekshiruvi, rentgen va kompyuter tomografiyasi orqali amalga oshiriladi.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

loading...