Lavrov Mali Rossiyadagi «xususiy harbiy kompaniya»ga murojaat qilganini tasdiqladi

0

BMTda chiqish qilgan Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Mali hukumati «Rossiyaga mansub bo'lgan xususiy harbiy kompaniya»ga yordam so'rab murojaat qilganini tasdiqladi. Bungacha Rossiya hukumatidagilar bu atamani ishlatmaslikni ma'qul ko'rishardi.

«Ular [Mali hukumati] terrorchilarga qarshi kurashish uchun kiritilgan Fransiya harbiy kontingentini qisqatirishmoqchiligi ma'lum bo'lgach, Rossiyadagi xususiy harbiy kompaniyaga murojaat qilgan», degan vazir.

U rossiyaliklarning harbiy kompaniyasi Malida «qonuni asosda» harakatlanishi, Rossiya hukumati esa bu ishga umuman aloqador emasligini aytib o'tgan. U aynan qanday xususiy harbiy kompaniya haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Mali hukumati «Vagner» jangchilarini yollamoqchi ekani haqidagi xabarlar sentyabr oyi o'rtalarida tarqalgandi.

15 sentyabr kuni Fransiya mudofaa vaziri Florens Parli Mali hukumatini rossiyaliklarning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan kelishuv tuzish oqibatlaridan ogohlantirgandi.

U «vagnerchilar»ni yollash orqali mahalliy hukumat fransuzlarning Malidagi aksilterror amaliyotlarini qiyinlashtirishini aytib o'tgandi.

«Vagner» guruhi odamlari Maliga kelgani haqida 2019 yilda ham «Frans press» xabar tarqatgan, o'shanda bu guruh jangchilarining kichik guruhi poytaxt Bamakoda ko'rinish bergan, bu sobiq prezident Ibrohim Bubakar Keyta Rossiya bilan harbiy hamkorlik to'g'risidagi kelishuvni imzolashi ortidan ro'y bergandi.

So'nggi yillarda rossiyaliklarning harbiylashgan bo'linmalari Afrikaning turli nuqtalarida paydo bo'lmoqda, ayniqsa urush girdobida qolgan Markaziy Afrika Respublikasida.

Rossiyada XHK bormi?
Rossiya qonunchiligida xususiy harbiy kompaniya faoliyati tartibga solinmagan, bunday kompaniya jangchilari rasman Jinoyat kodeksining «Yollanma jangchilar» to'g'risidagi moddasi bilan ayblanishi mumkin.

Shu tufayli bunga qadar Rossiya hukumatidagilar rus jangchilariga nisbatan «xususiy harbiy kompaniya» atamasini qo'llashdan tiyilib kelgan, hatto yollanma jangchilar faoliyatiga aloqador emasliklarini qayd etishganda ham.

Sergey Lavrov 2018 yil boshida boshqa mamlakatlardagi xususiy harbiy kompaniyalar uchun ishlaydigan rossiyaliklar manfaatlarini himoya qilish uchun qonunchilikka o'zgartirishlar kiritish zarurligi haqida aytgandi.

Ammo «Adolatli Rossiya» a'zolari bir necha oy o'tib shu mazmundagi qonun loyihasini taqdim etishganida, Konstitutsiyaga zid kelishi tufayli u rad etilgandi.

2019 yil yozida Rossiya prezidenti Vladimir Putin BBC korrespondenti savollariga javob berish asnosida amalda ilk marta Suriyada rossiyalik yollanma jangchilar mavjudligi faktini tasdiqlagandi, shu bilan birga, ular Rossiya manfaatlarini ifoda etmasligi va oddiy qo'riqlash tuzilmalari xodimlari ekanini aytgandi.

Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov keyinroq Putin qo'riqlash kompaniyalarini nazarda tutgani, chunki Rossiyada xususiy harbiy kompaniyalar yo'qligini aytib o'tdi.

«Bizda qonunchilik bo'yicha xususiy harbiy kompaniyalar yo'q. Barcha qandaydir «Vagner» haqida gapiradi, ammo gap shundaki, bizning qonunchiligimizda bunday qoida yo'q. Prezidentdan nima kutdingiz, u yo'q narsaga qanday izoh berishi mumkin», degandi u.

Yarim yil o'tib Putin Liviyada «rossiyaliklar borligi» haqidagi xabarlarga izoh beradi: «Agar u yerda Rossiya fuqarolari bo'lsa ham, ular Rossiya davlatchiligi manfaatlarini ifoda etmaydi va Rossiya hukumatidan pul olmaydi».

Rossiya hukumati Malidagi vaziyatga ham shunday izoh bergandi. «U yerda Rossiya qurolli kuchlari vakillari yo'q. Va hech qanday rasmiy muzokaralar olib borilmayapti», degandi Peskov 15 sentyabr kuni.

loading...