Odil sudlovni ta'minlash – inson manfaatlari uchun xizmat qiladi

0

Bugun yurtimiz bo'ylab sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta'minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish bo'yicha sezilarli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jamiyatda odil sudlovni ta'minlash, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta'minlashga qaratilgan mazkur qonun 101 moddadan iborat bo'lib, rasmiy e'lon qilingan kundan, ya'ni 2021 yil 29 iyul kunidan qonuniy kuchga kirdi. Mazkur qonun sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, odil sudlovning sudyalar tomonidan faqat qonunga bo'ysungan holda amalga oshirilishini, sud majlislarining oshkora va shaffof o'tkazilishini ta'minlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy manfaatlarini sud yo'li bilan keng himoya qilish va shu orqali shaxslarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilganidadir.
Qonundagi asosiy yangilik Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 24 iyul kuni imzolangan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-6034-sonli farmonda belgilangan tashkiliy-tuzilmaviy islohotlardan kelib chiqqan bo'lib, qonunning 2-moddasida sudlarning yangi tizimi belgilandi. Shunga muvofiq, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab fuqarolik, jinoyat ishlari bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar iqtisodiy sudlari birlashtirilganligi hamda tuman (shahar) ma'muriy sudlari tugatilganligi munosabati bilan sud tizimida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek tumanlararo ma'muriy sudlar ko'rsatib o'tildi.
Shuningdek;

-Barcha sudlarda ishlar ochiq ko'rilishi, ishlarni yopiq sud majlisida ko'rib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yo'l qo'yilishi;
-Sud majlisi zalida hozir bo'lgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkinligi;
-O'zbekistonda sud ishlarini yuritish o'zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko'pchilik aholi so'zlashadigan tilda olib borilishi;
-Odil sudlovni amalga oshirishda har bir kishiga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi;
-Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi mumkin emasligi kabi yana bir qator normalar o'z ifodasini topgan.
Bundan tashqari sudyalarning mustaqilligi, qonun va sud oldida tenglik, sud hujjatlarining majburiyligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, sud ishlari yuritiladigan til, sud himoyasida bo'lish huquqi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi sudlar faoliyatining prinsiplariga qo'shimcha ravishda qonuniylik deb nomlangan 8-moddada O'zbekiston Respublikasida odil sudlov qonunga qat'iy muvofiq holda amalga oshirilishi belgilangan bo'lsa, sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqi nazarda tutilgan 17-moddada taraflar va qonunda nazarda tutilgan boshqa shaxslarning sud hujjati ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklari mustahkamlab qo'yildi.
Demakki, mamlakatda fuqarolar, yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining sud yo'li bilan har tomonlama va to'la himoya qilinishini ta'minlash, tabiiyki, odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi oshirib, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, tadbirkorlik subyektlari himoyasi uchun xizmat qiladi.

loading...