Soxta diplom mashmashasi

0

Voqea Toshkent viloyati Olmaliq shahar maktablaridan birida sodir bo'lgan.

Hammasi 2020 yil maktabga yangi direktor tayinlanishidan boshlandi. Direktor ishni xodimlarning shaxsiy hujjatlarini o'rganishdan boshladi. Nimagadir matematika o'qituvchisi Farzona O'rinovaning (ism-shariflar o'zgartirilgan) hujjatlari unda shubha uyg'otdi.

O'qituvchini huzuriga chaqirdi.

— Tojikistonning Xo'jand davlat universitetini bitirgan ekansiz, Diplomingizning haqiqiyligini tasdiqlovchi guvohnomani qanday qilib olgansiz?

— …

O'qituvchi yer chizdi.

— Gapiring axir?..

F. O'rinovaning hammasini aytib berishdan boshqa iloji qolmadi.

Ushbu guvohnomani olishda maktabning sobiq direktori Ozoda Jabborova yordam berganligini, buning uchun unga ma'lum miqdorda pul berganini aytdi.

…  O'sha payti, ya'ni 2017 yilda O. Jabborova Olmaliq shahridagi umumta'lim maktabida rahbar vazifasida ishlardi. Undan oldin esa shahar xalq ta'lim bo'limida mutaxassis bo'lib ishlagan. U matematika o'qituvchisi F. O'rinova hujjatlarida muammo borligini aniqlab, bu haqda shahar xalq ta'limi bo'limi mudiriga aytadi. Mudir nima derdi. “Chetdan kelgan bo'lsa, diplomini qonunga muvofiq nostrifikatsiya qilish kerak. Ungacha maktabda dars bera olmaydi”…

Ma'lumot uchun aytish joizki, F. O'rinovalar oilasi 1996 yilda Tojikistondan O'zbekistonga ko'chib kelishgan. Chet davlatdan yurtimizga kelgan kishi, agar o'qituvchi bo'lsa, O'zbekiston ta'lim tizimida ishlashi uchun diplomini nostrifikatsiya qilishi kerak bo'ladi. Sodda qilib aytganda, O'zbekiston davlati bu diplomni tan olishi, o'qituvchining ishlashiga ruxsat beruvchi guvohnoma taqdim etishi kerak. F. O'rinovaga bu imkoniyat berildi, albatta. Nostrifikatsiya olish uchun davlat test markazi attestatsiya komissiyasiga imtihon topshirdi. Ammo sinovlardan o'tolmadi. Shundan so'ng u hamkasbi O. Jabborovadan yordam so'radi. O. Jabborova buning uchun 2.000 AQSh dollari berishi kerakligini aytadi.

F. O'rinova  buncha puli yo'qligini bildiradi. Ammo masalani hal qilmasa bo'lmas edi. U 1.500 AQSh dollari topib berishga rozi bo'ladi.

Kelishilganidek, O. Jabborova F. O'rinovadan  2015 yil oktyabr oyida 500 AQSh dollari, 2018 yil sentyabr oyida esa 1000 AQSh dollari oladi. Unga davlat test markazi tomonidan berilgandek qilib soxta guvohnoma tayyorlab beradi. Matematika fani o'qituvchisiga ehtiyoj borligi sabab xodimni ishga qabul qiladi.

F. O'rinova maktabda 2002 yilgacha matematika fanidan dars beradi.

Bu orada maktabga yangi direktor keladi. U ham F. O'rinovaning hujjatlarida muammolari borligini bilgach, uni ishdan ketishini aytadi. Shu tariqa F. O'rinova o'z xohishi bilan ishdan ketadi. Ammo ma'lum vaqt o'tgach, matematika o'qituvchisi kerak bo'lganligi uchun F. O'rinova  qayta ishga olinadi.

Yuqorida aytganimizdek, 2020 yilga kelib, maktabda yana direktor almashishi va hujjatlar o'rganilishi bilan bu muammo yana qalqib chiqadi, bu haqda tegishli organlarga xabar beriladi. Xolat o'rganiladi, tergov davrida guvohnoma haqiqatan soxta ekanligi aniqlanadi. Aybdorlarga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atiladi. Ish sudga oshiriladi. Sudda sudlanuvchilarning aybdorlik masalasi ko'rib chiqiladi.

O. Jabborova qonunga muvofiq hujjatlarni soxtalashtirish jinoyati bilan ayblandi. Qilmishning yengillashtiruvchi va og'irlashtiruvchi xolatlari e'tiborga olinadi. Unga nisbatan jazo tayinlashda sud uning aybiga qisman iqror bo'lsa-da, qilmishidan pushaymonligini, shaxsini, oilaviy  sharoitini, qaramog'ida voyaga yetmagan farzandlari borligini inobatga oldi.

Uning rahbarlik lavozimida ishlab kelgan vaqtda jinoyat sodir qilinishiga sababchi bo'lganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo'llab, qo'shimcha jazo tariqasida ya'ni, ta'lim sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan 1 yil muddatga mahrum qildi.

F. O'rinovaga nisbatan jazo tayinlashda sud uning aybiga qisman iqror bo'lsa-da, qilmishidan pushaymonligini, shaxsini, oilaviy  sharoitini hisobga oldi. Uni o'qituvchilikdan boshqa kasbi yo'qligini, davlat muassasidan tashqari nostrifikatsiya talab qilinmaydigan xususiy korxona yoki firmalarda matematika fanidan ta'lim o'rgatuvchi (repitetor) bo'lib ishlashi mumkinligini inobatga olgan holda muayyan huquqdan mahrum qilishlik tarzidagi qo'shimcha jazo chorasini qo'llamaslikni lozim deb topdi.

Sudlanuvchilarga  ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shu o'rinda aytish joizki, F. O'rinova nostrifikatsiya masalasini  o'z vaqtida qonuniy hal qilsa bo'lardi, nima uchun soxtakorlikka yo'l qo'yish kerak? To'g'ri yo'l tutilganida sudlanib, yer chizib qolmagan bo'lardi…

Zokirjon Qo'ziboyev,

Oliy sud katta konsultanti

 

 

loading...