Turkiy kengashga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg'oniston bo'yicha qo'shma bayonoti qabul qilindi

0

Ma'lum qilinishicha, yig'ilishda O'zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston, Qirg'iziston tashqi ishlar vazirlari va Turkiy kengash kotibiyati Afg'oniston yo'nalishida birgalikda qo'shma harakatlar jihatlarini, xususan, keng vakillik asosida Afg'oniston hukumatini tuzish zarurligi, inson huquqlariga, jumladan, ayollar va milliy ozchilik huquqlariga rioya qilinishini muhokama qilgan

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'z nutqida Afg'oniston masalasiga taalluqli asosiy masalalar bo'yicha mamlakatning pozitsiyasiga to'xtalib o'tgan. Qayd etilganidek, O'zbekiston Afg'onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg'oniston zamini endi mintaqa davlatlari va umuman xalqaro hamjamiyat uchun xavf tug'dirmasligi kerak.

Dunyo davlatlari uchun ustuvor vazifa Afg'onistonni iqtisodiy tusdagi mintaqaviy integratsion jarayonlariga yanada faol jalb qilish, mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish bo'lib qolishi kerakligi ta'kidlangan.

«Mojarodan keyingi Afg'oniston strategiyasini ishlab chiqish muhimligi, shuningdek, mamlakatga zarur insonparvarlik yordam ko'rsatilishi davom etishi alohida qayd etildi. Tadbir yakunida Turkiy kengashga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg'oniston bo'yicha qo'shma bayonoti qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009 yil 3 oktyabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan bo'lib, dastlab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog'iston va Qirg'iziston a'zo edi. Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 3 sentyabr kuni Qirg'izistonning Cho'lponota shahrida bo'lib o'tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan. 2019 yilning oktyabrida esa O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to'la huquqli a'zo sifatida ishtirok etgandi.

loading...