96 yoshli jinoyatchi qochishga urindi

0

Germaniyaning Shlezvig-Golshteyn federal sudi konslagerlarning 11,4 ming yahudiy, polyak va sovet asirlarini yo'q qilishda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan 96 yoshli Irmgard Fuxnerni qamoqdan ozod qildi. Bu haqda Deutsche Welle nashri xabar bermoqda.

Ayol 1943-1945 yillarda Shtuttgof konslagerida komendant kotibi va stenografi bo'lib ishlagan. Sud arizani ko'rib chiqib, gumonlanuvchini hibsga olish to'g'risidagi qarorni bekor qildi. U tegishli xavfsizlik choralari ko'rilgan holda qo'yib yuborilgan.

Ish bo'yicha navbatdagi sud majlisi 19 oktyabrga belgilangan.

30 sentyabr kuni Germaniya sudi 96 yoshli natsistni hibsga olishga order bergandi. U sud majlisidan oldin g'oyib bo'lgan: guvohlarning so'zlariga ko'ra, Fuxner taksiga o'tirib, eng yaqin metro bekatiga yetib olgan. U o'sha kuniyoq hibsga olingan va Lyubek shahridagi tergov izolyatoriga joylashtirilgan.

Uning ishi bo'yicha tergov 2016 yildan beri olib borilmoqda.