«Tolibon» IShIDga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilishi mumkinligini inkor etdi

0

«Tolibon» harakati Afg'onistonda ekstremistik jangarilar guruhlari, jumladan, IShID terrorchilik tashkilotining bo'linmalariga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlik qilmoqchi emas. Bu haqda «Tolibon» vakili Suxayl Shahin ma'lum qildi, deb yozmoqda AP.

«Tolibon» vakillari Qatarda AQSh delegatsiyasi bilan Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

AP agentligining qayd etishicha, Afg'onistonda ektremistik guruhlarga qarshi kurashish — muzokaralar davomida muhokama qilinadigan eng asosiy masalalaridan biri.

Biroq «Tolibon» hozircha AQShdan bu borada yordam so'ramoqchi emas. «Biz IShIDga qarshi kurashni o'zimiz uddalaymiz», — deya ta'kidlagan Suxayl Shahin.

Oktyabr boshidan beri Afg'onistondagi ikkita masjidda teraktlar sodir etilib, portlashlar yuz bergan. 3 oktyabrda Kobuldagi Idgoh masjidi yaqinida yuz bergan portlash oqibatida kamida 12 nafar odam halok bo'lgan.

Shuningdek, 8 oktyabrda Qunduz viloyatidagi shialar masjidida sodir etilgan terakt tufayli 100 ga yaqin kishi hayotdan ko'z yumgan. Ikkala portlash uchun ham mas'uliyatni IShID o'z zimmasiga olgan. O'zbekiston TIV Afg'onistondagi masjidda yuz bergan portlashni keskin qoralashini bildirgan. Shuningdek, sentyabr oxirida ham Afg'onistonda «Tolibon» va IShID o'rtasida qurolli to'qnashuvlar kuzatilgan.

kommersant.ru

loading...