“Zakovat”chilar uchun Toshkentda alohida bino qurib beriladi — Shavkat Mirziyoyev

0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroda o'tgan “Zakovat” breyn-ring intellektual o'yini finalini bevosita kuzatib bordi. Final bahsidan so'zga chiqqan davlat rahbari barcha ishtirokchilarni qutlab, mamlakat kelajagi ilmga intilgan yoshlar qo'lida ekanini ta'kidladi.

“Doim sizning o'yinlaringizda ishtirok etishni istardim, bugun xursand bo'ldim. Ushbu klubni tashkil etishda bosh-qosh bo'lgan jonkuyar inson – Abdurasul Abdullayev, faol ishtirokchilar – Bobur Yoqubov, Jobir Ahmedov, Xushnudbek Xudoyberdiyev, Aziza Ibragimova, Rustam Jabborov, Saidkamol Abdurazzoqov, Zebo Shomirova, Furqat Qurbonov, Umid Valiyevga alohida rahmat aytmoqchiman.

“Zakovat” klubini avvalo moliyaviy rivojlantirish kerak. Shu maqsadda har yili 50 milliard so'm pul ajratiladi. Chekka tumanlarda ham “Zakovat” klublari tashkil etiladi, maktablarda ham “Zakovat” klubi tashkil etiladi.

Surishtirdim, “Zakovat” klubining o'z binosi yo'q ekan. Sizlarga Toshkentning so'lim joyidan alohida bino qurib beramiz”, – deya prezidentning so'zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev “Zakovat” klubi asoschisi Abdurasul Abdullayev va finalda g'olib bo'lgan Xorazm jamoasi a'zolariga davlat mukofoti berilishini ma'lum qildi.

Shuningdek, 2022 yildan boshlab, talaba yoshlar o'rtasida Prezident sovrini uchun Intellektual olimpiada tashkil etiladi.

Prezidentning so'zlariga ko'ra, Toshkentda Intellektual o'yinlar shaharchasi, viloyatlarda esa “Intellektual parklar” tashkil etiladi. Intellektual musobaqalar g'oliblari va ta'lim sohasida yuqori natijalarga erishgan yigit-qizlar uchun Bo'stonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida Intellektual maktab tashkil etiladi.

-2021 yilgi “Zakovat” breyn-ring intellektual o'yinlari finalida Xorazm jamoasi Navoiy jamoasini ikki raundda 4:3, 5:2 hisoblarida mag'lub etdi. G'olib jamoaning har bir a'zosiga Gentra avtomobili sovg'a qilindi.

-Yangi formatdagi «Zakovat» breyn-ring o'yinlari yil davomida butun respublika bo'ylab o'tkazildi. Barcha viloyatdagi hududiy g'oliblar 100 million so'mdan mukofotni qo'lga kiritdi. Respublika bo'yicha g'olib bo'lgan 13 jamoa va eng yaxshi ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan 3 jamoa grand final bahslarida ishtirok etdi.

loading...