Ana bo'lmasa! Besh nafar mast odam qorovulni kaltaklab o'ldirdi

0

Navoiy shahrida yashovchi mast holatdagi besh nafar shaxs ularning beton ishlab chiqarish sexiga kirishiga qarshilik ko'rsatgan qorovulni urib, tepib o'ldirdi. Bu haqda «Daryo»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari O'ktam Usmonov xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, Navoiy shahridagi Tinchlik qo'rg'onida joylashgan ovqatlanish shoxobchalaridan birida beton ishlab chiqarish sexining 24 yoshli ishchilari S.B. hamda F.N. o'zining tanishlari bo'lgan 31 yoshli T.M., 29 yoshli K.M. hamda A.N. bilan ovqatlanib, spirtli ichimlik iste'mol qilgan. Ular tungi soat 22:00 larda ovqatlanish shoxobchasidan chiqqan.

Bu paytda F.N. ovqatlanish shoxobchasida yolg'iz qolgan. O'zining yolg'iz qoldirib ketilganidan jahli chiqqan F.N. hamkasbi S.B.ga telefon qilib, janjal ko'targan va Matiz rusumli avtomashinasida beton ishlab chiqarish sexi maydoniga kelgan. Soat taxminan 22:30 larda sheriklari bilan sex tashqi-orqa maydonida to'planib turgan S.B.ning oldiga kelgan va ular bir-birini og'zaki haqoratlagan. Keyin o'zaro kelishmovchilik janjalga aylangan va shovqin ko'tarilgan.

Bu paytda sex qorovulligida bo'lgan 40 yoshli B.H. ularni bu yerda to'planmaslikka va janjallashmaslikka chaqirgan. O'zi ham shu sexda navbatchi qorovul vazifasida ishlab kelayotgan S.B. B.H.dan sex ichkarisiga kiritishini talab qilgan. B.H. esa ayni paytda qorovullik vazifasini o'tayotgani, sex ichiga kirishiga ruxsat bera olmasligini bildirgan.

O'zi ishlab kelayotgan sexga qorovulning kiritmayotganidan jahli chiqqan S.B. hamda F.N. o'zaro o'rtalaridagi janjal alamini B.H.dan olgan va unga tashlangan. Janjalga ovqatlanish shoxobchasida ular bilan birga spirtli ichimlik iste'mol qilgan sheriklari ham qo'shilgan. Ular orasida muqaddam Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og'ir shikast yetkazish) bilan sudlangan T.M. ham bo'lgan va u ham o'z xatolaridan xulosa chiqarmagan holda janjalga aralashgan.

«Besh nafar spirtli ichimlik iste'mol qilgan shaxs ularning sex ichkarisiga kirishiga qarshilik ko'rsatgan B.H.ni qo'l va oyoqlari bilan urib, tepishgan. Og'ir tan jarohati yetkazishgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko'ra, B.H. qo'shchanoq jarohati, bosh miya og'ir jarohati va lat yeyishi og'ir darajasi, bosh suyagi sinib, miya asosiga o'tishi kabi hayoti uchun xavfli bo'lgan tashxis qo'yilgan. B.H. shifoxonaga yotqizilgan va davo muolajalariga qaramay, bir necha kundan keyin shifoxonada vafot etgan», — deydi O'ktam Usmonov.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismida (odam o'lishiga sabab bo'lgan qasddan badanga og'ir shikast yetkazish) ko'rsatilgan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

loading...