Toshkentda YPXdan qochgan Nexia haydovchisini to'xtatishda tabel qurolidan o'q uzilgan

0

Toshkentda to'lanmagan jarimalari sabab qidiruvda bo'lgan Nexia haydovchisi YPXdan qochayotganida inspektor va piyodani urib yuborgani haqida xabar berilgan edi. Haydovchini ushlash vaqtida yuzaga kelgan janjal aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqalgandi. Poytaxt IIBB unga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilganini ma'lum qilib, voqea tafsilotlarini e'lon qildi.

Voqea 30 sentyabr kuni soat 23:00 larda Chilonzor tumani Bunyodkor shohko'chasida yuz bergan. Shu kuni ayollar bilan to'la Nexia-2 YPX xodimlarining hushtak va jezl yordamida to'xtash ishorasiga qamal qilmay, ularni 4 marta chetlab o'tib, boshqa mashinaga ziyon yetkazib, yo'lida davom etgan.

«Kuzatuv davomida haydovchi bir necha bor ro'para qizil mayoqchalar yoqilgan holatda ogohlantirishimizga qaramasdan, fuqarolarning hayotiga xavf tug'dirib, bir necha fuqaroni urib yuborish kabi xavfli holatlarni keltirib chiqargani sababli oldiga o'tib to'xtatish choralarini ko'rsak ham harakatini keskin davom ettirdi.

Harakat to'liq yopilganidan so'ng avtoulov kelib to'xtadi. Keyin yo'nalishini o'zgartirib qochmoqchi bo'ldi. O'sha payt men avtoulovning old tomoniga chiqib, undan to'xtatishni talab qilganimda, haydovchi mashinani to'g'ri ustimga haydadi va old bamper qismi bilan tizza qismimga urishi oqibatida ag'darilib tushdim. Qo'l ostimdagi xodimim katta serjant Ismoilov Otabek xizmat vazifasini o'tash uchun o'ziga biriktirilgan tabel quroli bilan bir marta o'q uzdi», — deydi mayor Rustam Ismoilov.

Xabarda aytilishicha, bunday vaziyatda YPX inspektori o'rnatilgan tartibga binoan keskin chora ko'rishga majbur.

Rustam Ismoilovning aytishicha, ko'rilgan choralar natijasida Nexia-2 to'xtatilib, haydovchini o'rindiqdan tushirishga harakat qilingan paytda mashinada bo'lgan yo'lovchi ayollar — haydovchining onasi, xolasi va opalari inspektorga qat'iy qarshilik ko'rsatib, omma oldida o'zini ko'rsatib, baqirib, inspektorning bodikamera va aloqa vositasini olib, uloqtirib yuborgan.

Shundan so'ng YPX xodimi ayollardan tinchlanishlarini so'ragan, ammo janjalni davom ettirayotgan ayollardan biri bo'ysunishni xohlamay organ xodimining pogonini yulib olgan. Inspektor ratsiya orqali qo'shimcha kuchlarni yordamga chaqirayotganda ayollardan biri uning qo'lidagi aloqa vositasini tortib olib, uloqtirib yuborgan.

Voqeaga bevosita guvoh bo'lganlar ayollarni tinchlantirishda ichki ishlar xodimlariga yaqindan yordam bergan.

«Sergelidan Abu Saxiyga qarab ketayotganimda bir nechta ayol va haydovchi janjallashib turganini ko'rdim. Birinchi to'xtab, vaziyatni o'rgandim. Ayollar YPX xodimlariga haqiqatdan tashlanishdi. Buni ko'rib tinchlantirishga harakat qildik. Inspektorlar ayollarga nisbatan hech qanday kuch ishlatmadi», — degan voqea guvohlaridan biri.

IIBBning qo'shimcha qilishicha, mashina lizing asosida xarid qilingan bo'lib, to'lov o'z vaqtida amalga oshirilmagani uchun avtomobil qidiruvda bo'lgan.

Ayni vaqtda Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi (jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga qarshilik ko'rsatib bezorilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, haydovchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo'llanilgan.

O'z burchini bajarayotgan ichki ishlar organlari xodimlariga faol qarshilik ko'rsatib, jamoat tartibini buzgan qolgan 4 nafar ayolga nisbatan munosib xulq-atvorda bo'lishlari haqida tilxat yozdirib olingan.

loading...