BMT O'zbekiston orqali Afg'onistonga gumanitar yordam yuboradi

0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar bo'yicha Oliy Komissarligi Afg'onistonga yuklarni jo'natish uchun O'zbekistonga gumanitar yordam bilan uchta samolyot yuboradi. Bu haqda TASS agentligi tashkilot veb-saytida berilgan xabarga asoslanib ma'lum qilmoqda.

 

«Yaqin vaqtlar ichida BMT QOKB chegara punkti orqali Afg'onistonning Mozori-Sharif shahriga avtomobil yo'li bilan yetkazib berish uchun O'zbekistonning Termiz shahriga insonparvarlik yordami bilan uchta samolyot yuborishni rejalashtirmoqda. Gumanitar yordam ortilgan birinchi reys oktyabr oyining o'rtalarida Termizga yetib boradi», — deyiladi xabarda.

 

Agentlikning ta'kidlashicha, bir oy oldin BMT Afg'onistondagi gumanitar operatsiyalar uchun 606 million dollar so'ragan, ammo hozircha bu summaning faqat uchdan bir qismi olingan.

 

«Mablag' Afg'oniston iqtisodiyotining to'liq inqirozga uchrashi oldini olish uchun kerak», — deyiladi tashkilot bayonotida.

 

BMT QOKBning Kobuldagi matbuot kotibi Babar Baloxning aytishicha, idora Afg'oniston bilan chegaradosh mamlakatlarda logistika markazlarini tashkil etib, mamlakatdagi yuz minglab ichki muhojirlarga shoshilinch yordam ko'rsatmoqda. Uning so'zlariga ko'ra, yordamga muhtoj afg'onistonliklar soni 20 millionga yetgan va har kuni o'sishda davom etmoqda.

 

Hozirgi vaqtda afg'on oilalarining atigi 5 foizi yetarli oziq-ovqat bilan ta'minlangan, Afg'onistonda besh yoshgacha bo'lgan bolalarning yarmidan ko'pi to'yib ovqatlanmaydi va ochlik yoqasiga kelib qolgan.

loading...