Rossiyada kovid yangi antirekordlarni qayd etmoqda

0

Rossiyada juma kuni kunlik kasallanish holatlari va bir kunda Covid-19’dan vafot etganlar soni bo'yicha yangi maksimumlar qayd etildi – 32 196 yangi bemor va 999 qurbon. Kommunarkadagi shifoxona bosh vrachi vaziyatni o'ta og'ir deb atadi – uning so'zlariga ko'ra, butun mamlakat bo'ylab kovid gospitallari to'lib bormoqda. Moskva shahri meri poytaxtda yangi cheklovlar joriy etilishi mumkinligini istisno qilmadi.

RFda pandemiya boshidan buyon kovidga chalinish holatlari soni, rasmiy statistika bo'yicha 7 925 176taga yetgan. Shundan 221 313 bemor vafot etgan, 6 960 024 kishi sog'aygan (bemorlarning 22 268 nafari so'nggi kun davomida shifoxonalardan chiqarilgan).

Yangilangan maksimumlar
Koronavirusga qarshi kurash bo'yicha operativ shtab so'nggi bir kunda Rossiyada Covid-19ga chalinish bo'yicha 32 196ta yangi holat ro'yxatga olingani haqida ma'lumot berdi. Bu pandemiya davridagi maksimal ko'rsatkichdir, bundan oldingi maksimum bir kun oldin qayd etilgan – 31 299 holat, shu kuni pandemiya davrida kunlik kasallanish holatlari soni ilk marta 30 mingdan yuqori bo'lgandi.

Moskvada bir kunda koronavirusga chalinish bilan bog'liq 6 631ta yangi holat va 81ta o'lim holati tasdiqlangan, bu ko'rsatkichlar poytaxtda 9 iyuldan keyingi eng maksimal ko'rsatkichlardir. Bir kun oldin Moskvada 6 712ta kasallanish holati qayd etilgandi.

Shu tariqa, Rossiya poytaxtida qatorasiga ikkinchi kun kunlik holatlar soni 6 mingdan yuqori bo'ldi. RBK nashri avvalroq, bu raqamlar rasmiylarni yangi cheklovlar joriy etish haqida undashi mumkinligini yozgandi.

So'nggi bir kunda Rossiiya bo'ylab koronavirus bemorlarining qariyb ming nafari vafot etgan – 999 o'lim. Bir kun oldin 986 o'lim qayd etilgan – bu ham pandemiya davridagi rekord ko'rsatkich bo'lgandi. Qatorasiga uchinchi kun pandemiya davridagi o'lim holatlari bo'yicha rekordlar yangilandi.

Eng ko'p o'lim holatlari Moskva (70), Peterburg (62) va Krasnodar o'lkasiga (40) to'g'ri kelmoqda. Peterburgda so'nggi bir kunda 2 632ta yangi kasallanish holati aniqlangan. Rossiyada koronavirusga chalinish holatlari keskin o'sishi sentyabr oyida boshlangan va  oktyabrga kelib sur'at yanada tezlashib, o'lim holatlari ham keskin ko'tarilib ketdi. Ikki ko'rsatkich bo'yicha ham doimiy ravishda maksimumlar yangilanib kelmoqda. Rosstat keyinroq ma'lumotlarni umumlashtirganida koronavirus bilan bog'liq o'limlar miqdori ikki barobar ko'proq ekani ma'lum bo'ldi.

Sobyanin cheklovlar qaytishi mumkinligini aytmoqda
Moskva rasmiylari koronavirus tarqalishi tempini pasaytirish uchun yangi cheklovlar joriy etishi mumkin. Shahar meri Sergey Sobyanin bu haqda payshanba kuni, operativ shtab kunlik kasallanish holatlari keskin ko'tarilib, kunlik o'sish bir kun avvalgidan 2 302taga ko'p bo'lganini ma'lum qilishi ortidan aytib o'tdi.

«Pandemiya bo'lishidan qat'i nazar biz shaharni rivojlantirishdan to'xtamaymiz, shahar baribir to'laqonli hayot kechirishda davom etadi», degan u shahar telekanali efirida.

«Ha, qandaydir cheklovlar bo'lishi mumkin. Ha, qandaydir qisqa muddatli cheklovlar joriy etishimiz ehtimoldan yiroq emas», deya qo'shimcha qilgan u aynan qanday cheklovlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmasdan. «Umuman olganda, shahar vaziyatga moslashadi va bu bizni to'xtatmasligi, shaharni taraqqiyotdan to'xtata olmasligini tushunib turibmiz», deya takrorlagan Sobyanin.

Oktyabr oyida Rossiyaning ko'plab regionlarida kasallik tarqalishi tezlashganiga javoban yangi cheklovlar kiritilishi boshlandi. Hukumat ayrim joylarga kirish uchun QR-kod joriy etgan, alohida kasbiy va ijtimoiy guruhlar uchun majburiy vaksinatsiya talab qilinmoqda.

Moskvada restoranlarga kirish uchun QR-kodlar talab etilishi iyul oyida, kasallanish darajasi pasayishi zahoti to'xtatilgandi va shundan buyon rasmiylar bu tizimga qaytish haqida gapirishmagan. Sobyanin poytaxtda majburiy emlanish bilan bog'liq qo'shimcha qarorlar hozircha rejalashtirilmaganini ma'lum qildi.

«Butun mamlakat bo'ylab gospitallar to'lib bormoqda»
Rossiyada koronavirus tarqalishi bo'yicha vaziyat kritik holatga yaqinlashmoqda, aholi orasida emlash darajasi juda past, deya vaziyatni baholagan Moskva yaqinidagi koronavirusga qarshi davolashga ixtisoslashgan Kommunarka shifoxonasi bosh vrachi Denis Protsenko.

«Vaziyat agar kritik bo'lmasa, unga yaqin», deya yozgan u telegramdagi kanalida. «Mamlakatning turli nuqtalaridagi hamkasblarim bilan muloqotdan ma'lum bo'lishicha, hozirda infeksiya bo'yicha gospitallarga yuklama yuqori. Bemorlar juda ko'p. Va bu vaksinatsiya darajasidan kelib chiqsak, u qadar hayratlanarli emas!» – deydi u. Avvalroq hukumat ham vaksinatsiya bo'yicha past templar mamlakatda Covid-19 qurbonlari soni keskin oshishiga olib kelgani haqida ma'lum qilgandi.

Protsenkoning so'zlariga ko'ra, hozirda «ko'plab og'ir ahvoldagi bemorlar reanimatsiya bo'limlarida yotibdi, chunki koronavirusning delta-shtammi ustunlik qilmoqda va unga qarshi sinovdan o'tmagan davolash algoritmlari va protokollar samarali ishlamayapti».

«Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida qancha ko'p koyka bo'lmasin, ularning soni cheklangan va butun mamlakat bo'ylab bu o'rinlar tezlik bilan to'lib bormoqda. Hamkasblar, shifokorlar, men sizlarga murojaat qilaman. Keling hozirdan vatandoshlarimiz bilan ochiqchasiga, gapga to'n kiydirmasdan gaplashishni boshlaylik», degan u vaksinatsiyani tezlashtirish zarurligi haqida.

RBK