Poytaxtdan Toshkent viloyati shaharlariga 120 kilometr tezlikda yuradigan elektropoezd yo'lga qo'yiladi

0

Toshkent shahridan Toshkent viloyatining Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyo'l shaharlariga 120 kilometr tezlikda yuradigan zamonaviy elektropoezd harakati yo'lga qo'yiladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

“Poytaxtdan bu shaharlarga 120 kilometr tezlikda yuradigan zamonaviy elektropoezd harakati yo'lga qo'yiladi. Buning uchun 10 ta elektropoezd xarid qilinadi, ularda poytaxt bilan yagona bilet tizimi joriy qilinadi.

Ushbu shaharlardagi 800 dan ziyod ko'p qavatli uylarning markazlashgan issiqlik ta'minotini yaxshilashga yarim trillion so'm ajratamiz. Shuningdek, renovatsiya dasturi doirasida 6 ta shahardagi 45 ta eskirgan ikki qavatli uylar o'rniga, zamonaviy ko'p qavatli uylar quriladi.

Viloyatning tumanlarida ham, kelgusi besh yilda 25 ming kvartirali ko'p qavatli uylar barpo etiladi, bu oldingi besh yilga nisbatan 3 barobar ko'p. Shuningdek, kelgusi besh yilda 220 ta qishloq va mahallada “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari amalga oshiriladi. Bu maqsadlarga 2 trillion so'm yo'naltiramiz.

Markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti 68 foizdan 90 foizga, kanalizatsiya qamrovi esa, 17 foizdan 40 foizga yetkaziladi. Bunga 6 trillion so'm yo'naltirilib, 3 ming 800 kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, 106 ta inshootlar barpo etiladi. Natijada, Quyi Chirchiq, Yuqori Chirchiq, O'rta Chirchiq, Bekobod, Bo'ka, Oqqo'rg'on, Zangiota, Toshkent va Chinoz tumanlari hamda Nurafshon shahridagi 1 millionga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan to'liq ta'minlanadi. Shuningdek, 6 ming kilometr elektr tarmoqlari va 1,5 mingdan ortiq transformatorlar yangilanadi. 

Eng muhimi, viloyat tumanlarini o'zaro va poytaxt bilan bog'laydigan Jamoat transportini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Dastur doirasida, 20 ta yangi yo'nalishlar ochiladi, 120 dan ziyod yangi bekat quriladi, 13 ta avtostansiya barpo etiladi. Kelgusi besh yilda Toshkent viloyatida 3,5 ming kilometr avtomobil yo'llari va 232 ta katta-kichik ko'priklarni qurish-ta'mirlash ishlari bajarilib, bunga 4 trillion so'm yo'naltiramiz. Jumladan, poytaxtdan Ulug'bek shaharchasi orqali, Chirchiqqa olib boradigan yangi avtomobil yo'li barpo etiladi. Shuningdek, viloyat “Infratuzilmani rivojlantirish jamg'armasi”ga qo'shimcha 100 million dollar ajratiladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

loading...