Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi muammolarni sanadi

0

“Yangi O'zbekistonni qurishni maqsad qilib qo'ygan ekanmiz, Toshkent viloyati bo'yicha ham oldimizga yanada katta marralarni belgilashimiz kerak. Ayniqsa, sanoat salohiyati, qulay geografik joylashuvi, boy tabiiy resurslari, malakali va mehnatkash aholisi yetarli bo'lgan poytaxt viloyatini eng rivojlangan hududga aylantirish bo'yicha barcha shart-sharoitlar mavjud. Shu bilan birga, Toshkent shahri bilan birgalikdagi uyg'un rivojlanishi ham viloyat uchun keng va ulkan imkoniyatdir.

Shunday bo'lsa-da, ishsizlik darajasi, aholining salomatlik ko'rsatkichlari, toza ichimlik suvi ta'minoti, qishloq xo'jaligini samaradorligi bo'yicha viloyat mamlakatimizning boshqa hududlariga nisbatan ancha orqada qolmoqda. Misol uchun, viloyatda 130 ming aholi ishsiz, kelgusi besh yilda 270 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib keladi. Viloyat ichimlik suvi manbalarining “boshida” turgani bilan, salkam 1 million aholi toza ichimlik suviga muhtoj.

Aholining oliy ta'lim, maktab va kasb-hunar tizimlaridagi o'qitish sifati, maktabgacha ta'lim qamrovi bo'yicha ham viloyat respublikada pastki o'rinlarda. Jumladan, ayni paytda viloyatda 8 ming nafar malakali pedagog, 11 ming muhandis va texnologlar, 3 ming agronom va veterinar, 7 mingdan ziyod Ay-Ti, geologiya va qurilish-loyihalash sohalarida kadrlar yetishmaydi. Toshkent viloyatining xizmatlar, savdo, turizm, logistika borasidagi salohiyati 50 foizga ham ishga solinmagan desak, bu ham haqiqat.

Shu bois, kelgusi besh yilda Toshkent viloyatida iqtisodiyot qanday rivojlanadi, aholining hayoti qanday o'zgaradi, odamlarimiz uchun nimalar qilib beramiz, uy-joy, daromad, ish o'rinlari nimani hisobiga bo'lishi to'g'risida, bugun siz aziz saylovchilar bilan maslahat qilib olmoqchiman.

Umuman, viloyatdagi keng ko'lamli islohotlarimizning tayanch nuqtasi bu – “inson qadri”ni ulug'lash, aholining kelajakka ishonchini yanada mustahkamlash bo'ladi.

Shuning uchun, bugun ko'rib chiqiladigan besh yillik dastur markazida: viloyatning 100 ming yoshlarini eng zamonaviy kasb-hunarlarga o'qitish; barcha sohalarda kamida 450 ming ish o'rinlarini yaratish; aholi daromadini kamida 2 barobarga oshirib, kambag'allikni keskin qisqartirish; har bir mahalla va qishloqda aholimiz uchun, munosib turmush sharoitlarini yaratish bo'ladi”, dedi prezidentlikka nomzod.

loading...