Makron Fransiyaning Parijdagi qirg'inni qoralagan ilk prezidenti bo'ldi. 60 yil oldin shaharda jazoirliklar otilgan va daryoga cho'ktirilgan

0

1961 yil 17 oktyabrida, Jazoirdagi mustaqillik urushi yakunlanayotgan mahalda Parij politsiyasi shaharda yashovchi jazoirliklar namoyishini shafqatsizlik bilan bostiradi. O'nlab kishilar otib tashlangan yoki politsiyachilar tomonidan Senaga uloqtirilib, cho'ktirib yuborilgan.

Bu qatliom qurbonlarining aniq soni hozirgacha ma'lum emas. Fransiya hukumati o'tgan asr oxirida, fojiadan qirq yilcha vaqt o'tib namoyishlarni tarqatish vaqtida 40 kishi halok bo'lganini rasman tan olgandi, ammo boshqa manbalar ma'lumotlariga ko'ra, qirg'in qurbonlari soni 200dan oshiq bo'lgani aytiladi.

Fransuz hukumati 20 yil muqaddam namoyishchilar qirg'in qilingani faktini tan olgan bo'lsa-da, Makronga qadar Fransiyaning hech bir prezidenti bu mavzuda chiqish qilmagandi.

Emmanyuel Makron Sena ustidagi ko'prikda o'tgan motam marosimida ishtirok etdi – 60 yil muqaddam aynan shu yerda Parijdagi jazoirliklarning ko'p ming kishilik namoyishi boshlangandi. Ular poytaxtda jazoirliklar uchun komendantlik soati joriy etilishiga qarshi chiqishgandi.

Makron ma'muriyati tarqatgan bayonotda oltmish yil muqaddam Moris Papon rahbarligidagi Parij politsiyasi ko'plab jinoyatlar sodir etgani aytiladi. Baynot matniga ko'ra, namoyishchilarni «shafqatsizlik bilan qonga botirish» chog'ida o'nlab kishilar o'ldirilgan, marshning ko'plab ishtirokchilari jarohatlangan, 12 ming kishi hibsga olingan.

Moris Paponni 1999 yilda 10 yilga qamashadi, ammo jazoirliklar o'limi uchun emas, Fransiya vishistlari boshqaruvi vaqtida Bordo politsiyasi boshlig'i bo'lganida yahudiylarni natsistlarning o'lim lagerlariga yuborgani uchun.

Lekin 2002 yilda Papon sog'ligidagi muammolar tufayli muddatidan oldin ozodlikka chiqariladi. O'shanda u 92 yoshda bo'lgan.

Xolokostdagi ishtiroki bo'yicha ayblovlardan oldin Paponning karyerasi ajoyib kechgan. O'sha 1961 yildayoq prezident Sharl de Goll Parij politsiyasi prefektiga mamlakatdagi oliy mukofot, Faxriy legion ordenini topshirgandi; 1968 yilda Papon parlament deputatiga aylanadi, keyin Valeri Jiskar-d-Esten prezidentligi davrida vazir ham bo'lgan.

Yaxshi, ammo yetarli emas
Ayrim jamoat arboblarining Makronning chiqishidan hafsalasi pir bo'ldi: ular Fransiya rasmiylarining ayblari va javobgarligi yanada aniqroq tan olinishini kutishgandi.

Makron 1961 yil 17 oktyabridagi qirg'in uchun uzr so'ramadi va umuman hech qanday nutq irod etmadi – Yelisey saroyi faqat uning nomidan bayonot tarqatdi.

«Bu progress, ammo ish hali tugallanmadi. Biz ko'prog'ini kutgandik. Bu ishni Papon yolg'iz o'zi qilmagan. Parij markazida odamlarni qiynashgan, o'ldirishgan va yuqoridagilar barchasidan yaxshi xabardor bo'lishgan», deydi «Frans-press» agentligiga irqchilikka qarshi Africa93 tashkiloti vakili Mimuna Adjam. U jazoirliklarning namoyishi bostirilishi davlat tomonidan sodir etilgan jinoyat deb topilishini istaydi.

1961 yilgi fojia qurbonlarini xotirlash bo'yicha ilk marosim 40 yil o'tib, 2001 yilda Parij merligi tomonidan tashkil etilgandi.

RBK

loading...