Rossiyada yangi antirekord: bir kunda 34,3 ming kishida koronavirus aniqlandi

0

17 oktyabr ertalab holatiga Rossiyada koronavirus infeksiyasiga chalinish bo'yicha 34 303 ta yangi holat aniqlandi, deb yozadi Meduza virusga qarshi kurash bo'yicha federal shtabga tayanib. Bu pandemiya boshidan buyon yangi maksimum ko'rsatkichdir.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, COVID-19 bilan kasallanganlar soni 7 992 687 kishiga yetdi. O'tgan bir kecha-kunduzda infeksiya oqibatida 997 kishi, butun kuzatuvlar davrida esa 223 312 kishi vafot etgan.

Koronavirusga chalinganlar soni avgust oxiridan buyon o'smoqda. Chunonchi, 30 avgustda Rossiyada 18 325 kishi kasallangan bo'lsa, 9 oktyabrda — 29 362 kishi. So'nggi to'rt kundan buyon mamlakatda kuniga 30 mingdan ortiq kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

15 oktyabrdan Rossiya Federatsiyasi tezkor shtabi koronavirusga qarshi emlanganlarning statistikasini ham olib bora boshladi. Ushbu ma'lumotlarga ko'ra, vaksinaning birinchi komponenti bilan 51 milliondan ortiq odam emlangan bo'lsa, 47,5 milliondan ziyod Rossiya fuqarosi to'liq vaksinatsiyadan o'tgan. Jamoaviy immunitet darajasi 45 foiz deb baholandi.

loading...