Parkentda tibbiyot birlashmasi mansabdorlari 1,5 mlrd so'mdan ortiq pullarni talon-toroj qilgani aniqlandi

0

Toshkent viloyati Parkent tumanida byudjet mablag'larini noqonuniy sarflab, talon-toroj qilgan tibbiyot birlashmasi xodimlarining ishi sudga oshirildi, deb xabar beradi viloyat prokuraturasi.

 

Ma'lum qilinishicha, Parkent tuman prokuraturasi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasida byudjet va byudjetdan tashqari mablag'larning sarflanishi, davlat mulki va boshqa ob'yektlarning saqlanishi yuzasidan tekshirish o'tkazilgan.

 

Tekshirish yakuniga ko'ra, tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari 2019—2020-moliya yilida byudjet va smeta-shtat intizomini 1 milliard 193 million 205 ming so'm miqdorda buzgani aniqlangan. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslari 1 milliard 511 million 123 ming so'm pul mablag'larini rastrata qilish yo'li bilan talon-toroj qilgan.

 

«Mazkur holatlar 36 nafar tuman tibbiyot birlashmasi xodimi va ishga aloqador guvohlarning ko'rsatmalarida bayon etilgan. Bundan tashqari, soxtalashtirib, noto'g'ri ma'lumotlar kiritilgan tabellar, shtat-smeta hujjatlari va boshqa dalillar ish hujjatlariga qo'shilgan», — deyiladi xabarda.

 

Ta'kidlanishicha, ayblanuvchilarga nisbatan protsessual tartibda qamoq, uy qamog'i va garov ehtiyot choralari qo'llanilgan.

 

Parkent tuman prokuraturasi tomonidan tibbiyot birlashmasi boshlig'i va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 184(1)-moddasi (byudjet va smeta-shtat intizomini buzish) 2-qismi va 167-moddasi (o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilgan va tergov yakuni bo'yicha jinoyat ishi mazmunan ko'rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo'yicha Parkent tuman sudiga yuborilgan.

 

Avvalroq Samarqandda bolalarga ajratilgan 5 kg go'shtni olib ketmoqchi bo'lgan bog'cha mansabdorlari yil boshidan buyon bir tonnadan ortiq go'sht «eb yuborgani» aniqlangandi.

loading...