Shavkat Mirziyoyev jadidlarni yodga oldi

0

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida saylovchilar bilan uchrashmoqda. Jumladan, u jadid bobolarimiz haqida fikr bildirdi:

 

«Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy, Ubaydulla Xo'jayev, Shokirjon Rahimiy, Tavallo, G'ulom Zafariy singari jadidchilik harakatining toshkentlik yetakchilari yurtimizda milliy uyg'onishning yangi davrini yaratishga kirishgan edilar.

 

Mustabid tuzum bu fidoyi zotlarni jismonan yo'q qilgan bo'lsa-da, ularning hurriyat va ma'rifat haqidagi orzu-umidlari xalqimiz qalbida hamisha barhayot yashamoqda.

 

Xabaringiz bor, yaqinda O'zbekiston Oliy sudi hay'ati tomonidan o'z vaqtida milliy ozodlik uchun kurashgan 115 nafar vatandoshimizning pok nomlari oqlandi.

 

Milliy istiqlol yo'lida halok bo'lgan jasur ota-bobolarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularning merosini chuqur o'rganish maqsadida boshlagan keng ko'lamli ishlarimizni albatta izchil davom ettiramiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

loading...