Senga qanday muomala qilishlarini istasang, boshqalarga ham shunday munosabatda bo'l!

0

AYoL QAYNLARNI HURMAT QILMASA, NIMA QILISh KERAK?

 

Er qanday yo'l tutadi?

 

Er-xotin suhbatlashib o'tirar ekanlar gap orasida er xotiniga:

– Yaqinlarimni, aka- ukalarim, jiyanlarimni sog'indim. Sizdan iltimos Xonim, ertaga shirin ovqat pishirib, dasturxon bezasangiz. Bugun ularga qo'ng'iroq qilib taklif qilaman. Yig'ilmaganimizga ham ancha bo'libdi, – debdi.

 

Ayol norozi ohangda, xushlamay:

– Mayli kelaverishsinchi, Xudo xohlasa bir gap bo'lar! – debdi.

Eri:

– Unday bo'lsa, ularni ertaga chaqiraman… – debdi.

Tong otdibdi. Odatdagidek er ishga ketib, soat 13:00 da esa, uyga yetib kelibdi.

Ayolidan:

– Tushlik uchun dasturxon tayyormi? Yaqinlarim birozdan so'ng kelib qolishadi? – deb so'rabdi.

Ayol:

– Yo'q, tayyorlamadim. Begona emaslar – ku, yaqinlaringiz axir, uydagi bor narsadan yeyaverishadi, – debdi.

Er:

– Alloh sizni kechirsin, Honim! Nima uchun biron narsa pishirish niyatingiz yo'qligini kecha aytib qo'ymadingiz, hozir kelib qolishadi nima qilamiz endi?! – debdi.

Ayol:

– Ularga qo'ng'iroq qilib kelmasliklarini ayting, uzr so'rang, vassalom. Axir begona emaslar, sizning yaqinlaringiz-ku? To'g'ri tushunishadi! -debdi.

Er g'azablanib uydan chiqib ketibdi. Bir necha daqiqa o'tar – o'tmas eshik taqillabdi. Ayol borib eshikni ochib, hayratdan dong qotibdi!…

 

Chunki qarshisida o'zining ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, jiyanlari turar edilar.

Otasi qizidan:

– Kuyovim qani? – deb so'rabdi.

Qizi:

– Biroz oldin chiqib ketuvdilar… – debdi, zo'rg'a.

Otasi:

– Kecha ering bizlarni bugungi tushlikka taklif qilgandi. Baraka topgur, bizlarni chaqirib o'zi ketib koldimi, a? – debdi.

Ayolni chaqmoq urgandek bo'libdi. Terlab ketgan qo'llarini bir-biriga ishqalar ekan, o'ylay ketibdi: «Axir uydagi narsalar bilan yaqinlarini kutib ololmaydi, yo'q-yo'q ularga to'g'ri kelmaydi! Erining yaqinlariga bo'laveradi – yu lekin, o'zining uyidagilariga bo'lmaydi axir… Qanday qilib ularga oddiy, ko'rimsiz dasturxon qilishi mumkin?»

Ayol eriga qo'ng'irok qilib:

– Nimaga tushlikka mening yaqinlarimni chaqirganingizni aytmadingiz? – deya so'rabdi.

Eri:

– Mening yaqinlarimmi, siznikimi nima farqi bor? – debdi.

Ayol:

– Sizdan o'tinaman Hojam! Uyda tayinli narsa yo'q, ovqat qilmaganman. Biron – bir tayyor taom keltira qoli-i-ing… – debdi.

Eri:

– Men hozir uydan uzoqdaman. Ustiga – ustak ular begona emas «sizning yaqinlaringiz»! Ularga ham mening yaqinlarimga bermoqchi bo'lganingiz, uydagi bor narsalar bilan mehmon qilaqoling!

Toki bu senga dars bo'lsin. Mening yaqinlarimni ham hurmat qilishni o'rgan! – debdi.

 

Ummu Amina tarjimasi

 

 

loading...