Odamfurushlar qo'lga olindi

0

Buxoro viloyati Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotga ko'ra, shaharning B.Naqshband ko'chasida yashovchi, 1988 yilda tug'ilgan fuqaro R.H. (ayol) 1999 yilda tug'ilgan tanishi fuqaro R.L. bilan o'zaro jinoiy til biriktiradi.
Natijada, shu ko'chada vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan 2003 yilda tug'ilgan fuqaro K.S.(ayol)ni joriy yilning 4 sentyabr kuni aldov yo'li bilan o'z uyiga olib kelib, undan shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun fuqarolik pasportini olib qo'yadi. Unga nisbatan zo'rlik ishlatib, joriy yilning 4 sentyabr kunidan 8 oktyabr kuniga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida moddiy haq evaziga begona erkaklar bilan jinsiy aloqa qilib fohishalik qilishga majburlaydi. Joriy yilning 9 oktyabr kuni o'z uyi yaqinida fuqaro K.S.ni navbatdagi mijozga 800 ming so'mga pullab, shahvoniy niyatlarda o'zga bir erkak bilan jinsiy aloqada bo'lishga majburlaydi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbir davomida gumon qilinuvchi fuqaro R.H. va uning sherigi jinoyat ustida qo'lga olinadi. Ulardan maxsus ishlov berilgan 800 ming so'm naqd pullar va fuqaro K.S.ning fuqarolik pasporti tegishli tartibda hujjatlashtirib olinadi.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo'limi tomonidan fuqaro R.H. va R.L.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-moddasi 2-qismi. “v”,”g”,”e” bandlari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

loading...