Gruziyada Mixail Saakashviliga yana bir ayblov qo'yildi

0

Gruziya bosh prokuraturasi sobiq prezident Mixail Saakashviliga nisbatan 2014 yildan beri beshinchi jinoiy ishni qo'zg'atdi. Jinoiy ish Saakashvilining 28 sentyabrda Gruziya chegarasini noqonuniy kesib o'tishi bilan bog'langan. Ushbu ayblov bo'yicha sobiq prezidentga 4 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Prokuraturaning versiyasiga ko'ra, Saakashvili 28 sentyabr kechki payt Gruziya hududiga Ukrainaning Chernomorsk portidan chiqqan paromdagi sut mahsulotlari tashuvchi transport vositasida yashirinib kelgan. Mashina Samegrelo qishlog'ida yashovchi Elguja Somaya ismli shaxsga tegishli bo'lib, unga hozirda o'ta og'ir jinoyatni yashirish bo'yicha ayblov bildirilgan. Ushbu ayblov bo'yicha Somaya bilan birga yana 3 kishi hibsga olingan.

Prokuratura rasmiy vakilining ta'kidlashicha, sobiq prezident 29 sentyabrga o'tar kechasi Somayaning yordamida dastlab Samegrelo qishlog'iga, so'ngra u yerdan Batumiga, keyin esa Tbilisiga borgan. Saakashvili 1 oktyabr kechki payt Somayaning kvartirasida hibsga olingan.

Ayni vaqtda Saakashvili prezident bo'lgan vaqtida xizmat vakolatlarini suiiste'mol qilish va ulardan g'arazli maqsadda foydalanish ayblovlari bo'yicha mos ravishda 3 va 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Saakashviliga yana ikkita ayblov qo'yilgan. Jumladan, u davlat mablag'larini o'z ehtiyojlariga ishlatishda ayblanmoqda. Hozirda ushbu ishlarning sudda ko'rilishi davom etmoqda.

Gruziya qonunchiligiga ko'ra, bir shaxsga turli ayblovlar bo'yicha chiqarilgan jazo muddatlari qo'shilmaydi. Hozirgi holatga ko'ra, Saakashvili 2005 yilda parlament a'zosi, biznesmen Valeriya Gelashvilining do'pposlanishini tashkillashtirish ayblovi bo'yicha 6 yillik qamoq jazosini o'tashi kerak.

interpressnews.ge

loading...