Yangi O'zbekistonni barpo etishda o'zbek tilining hayotbaxsh qudratiga tayanamiz

0

Barcha yurtdoshlarimni faxr va mamnuniyat bilan ulkan ayyom – O'zbek tili bayrami kuni bilan chin yurakdan qutlayman.

Ona tili qadim-qadimdan, ulug' ajdodlardan bizga yetib kelgan bebaho xazinadir. Zabonimizda xalqimizning ma'naviyati, ruhiy olami, aql-idroki o'z ifodasini topgan. Uning istiqboli haqida qayg'urish – bu millatning o'zligini anglashi, uning ma'naviy kamolotini yuksaltirish uchun intilish demakdir. Shu bois muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'zbek tili rivojiga, qadri va mavqeini yanada yuksaltirishga juda katta e'tibor qaratyaptilar. Bu yo'nalishda ko'plab farmon va qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalar hayotga tatbiq qilinyapti.

Vazirlar Mahkamasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O'zbek tilini rivojlantirish jamg'armasi samarali faoliyat ko'rsatib, mazkur sohadagi ishlarni muvofiqlashtirmoqda.

O'zbek tili BMTning yuksak minbarida, g'oyat nufuzli xalqaro anjumanlarda yangrayapti.

Keyingi yillarda o'zbek tilini chuqur o'rganish va o'rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, shuningdek, chet el fuqarolari va yurtdoshlarimizga o'zbek tilini o'rgatadigan onlayn platforma, o'zbek tili izohli lug'atining mobil ilovasi, maxsus veb-saytlar yaratildi.

Xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o'quv yurtida o'zbek tili va adabiyoti o'rganilayotgani ham e'tiborga molik.

Davlatimiz rahbari ushbu ulug' bayram munosabati bilan xalqimizga yo'llagan tabrigida o'zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o'rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan katta-katta vazifalarni ham tilga oldilar.

Muxtasar aytganda, biz yangi O'zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.

loading...