Bola tug'ilganda beriladigan “suyunchi puli”ni endi istalgan ko'rinishda olish mumkin

0

“Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Tug'ilganlikni qayd etish bilan bog'liq kompleks davlat xizmatlarini ko'rsatishning ma'muriy reglamentiga asosan farzand tug'ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to'lovi Xalq banki tomonidan naqd pul shaklida amalga oshirilmoqda. Bu esa FHDYo bo'limlarida joylashgan bank kassalari oldida uzundan uzun navbatlarni yuzaga keltirayotgan edi.

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimida farzand tug'ilganda beriladigan bir martalik nafaqa to'lovini (“suyunchi puli”) ota-onadan birining bank plastik kartasiga ixtiyoriylik asosida o'tkazib berish imkoniyati yaratildi”, deyiladi Davlat xizmatlari agentligi axborotida.

Qayd etilishicha, FHDYo bo'limining mas'ul xodimi ota yoki onaning xohishiga asosan faol holatda bo'lgan bank plastik kartasini maxsus belgi orqali tanlaydi va bir martalik to'lovni bank plastik kartasiga yo'naltiradi. Xalq banki tomonidan “suyunchi puli” qisqa muddatda fuqaroning bank plastik kartasiga o'tkazib beriladi.

DXA axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu yangilik agentlikka bo'layotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda fuqarolarning talabini qondirish maqsadida joriy etilmoqda. Istaganlar suyunchi pulini naqd shaklda olishi yoki to'lov ota-onalardan birining bank plastik kartochkasiga o'tkazib berilishi mumkin. “Hech kim qaysidir to'lov usuliga majburlanmaydi”, dedi agentlik rasmiysi.

Avvalroq karantin paytida “suyunchi puli”ni qanday olish bo'yicha murojaatlar soni ko'paygan, Davlat xizmatlari agentligi ushbu bir martalik nafaqani bola tug'ilgan kundan boshlab 6 oy ichida olish mumkinligini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, farzand tug'ilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori 70,3 foizi – bugungi kunda bu – 577 866 so'mni tashkil etadi.

loading...