36 metrgacha yetadigan chiqindi tog'lari: Hindistonni tozalash 13 milliard dollarga tushishi mumkin

0

Deonar chiqindi uyumlari 16 million tonna chiqindidan iborat. 8ta uyum 120 gektardan ortiq hududni egallagan bo'lib, Hindistondagi eng katta va eng uzoq tarixga ega chiqindi tog'lari hisoblanadi, deya yozadi BBC. Chiqindi uyumlari balandligi 36,5 metrga yetadi.

Chiriyotgan chiqindi o'zidan metan, vodorod sulfidi, uglerod oksidi kabi zaharli gazlarni ajratadi. 2016 yilda axlatlar uyumida kuzatilgan yong'in bir necha oy davom etdi va Mumbayning katta qismini tutun qoplashiga sabab bo'ldi.

Hindiston ifloslanishni nazorat qilish organi 2011 yilda o'tkazgan tadqiqotga ko'ra, shahar havosi zararlanishining asosiy sababchisi qattiq zarrachalarning 11 foizi chiqindixonalardagi yong'inlar sababli hosil bo'lgan.

2020 yilda Dehlidagi Ilm-fan va atrof-muhit tahliliy markazi o'tkazgan tadqiqotga ko'ra, Hindistonda jami 3 159ta chiqindi uyumlari bor. Ularda jami 800 mln tonna chiqindi mavjud.

Mumbayda 26 yildan beri Deonar hududini yopish bo'yicha sud ishi ketmoqda. Biroq chiqindi tashlash hali ham davom etyapti.

Hindistondagi chiqindi uyumlari amaldor va siyosatchilarni anchadan beri bezovta qilib keladi. 1 oktyabr kuni bosh vazir Narendra Modi milliy tozalash dasturi uchun qariyb 13 milliard dollar ajratilishi haqida e'lon qildi. Bu – Deonar kabi ochiq poligonlarni bosqichma-bosqich almashtirish uchun bir qator tozalash inshootlarini o'rnatishni o'z ichiga oladi.

Biroq mutaxassislar bunga shubha bilan qarashmoqda. “Kichik shaharlarda amalga oshirilgan bo'lsa-da, bunday masshtabdagi chiqindi tog'lari muammosini hal etish mushkul”, – deydi Ilm-fan va atrof-muhit tahliliy markazi dasturi rahbari o'rinbosari Ganshayam Singx.

Hindistonda chiqindilarni qayta ishlovchi zavodlar esa yetarli emas. Mamlakatning tijorat va ko'ngilochar markazi – 20 million kishi yashayotgan Mumbayda bor-yo'g'i bitta ana shunday zavod bor.

Hozirgi vaqtda Deonarda chiqindidan energiya ajratib oluvchi zavod qurish rejasi bor. Bosh vazir Narendra Modi mazkur reja yangi, yashil ish o'rinlarini yaratishi kutilayotganini aytgan.

loading...