AQSh afg'on qochqinlariga yordam berish uchun qariyb 1 mlrd dollar ajratadi

0

AQSh prezidenti Jo Bayden afg'on fuqarolariga yordam ko'rsatish uchun Qochqinlar va muhojirlarga favqulodda yordam jamg'armasidan 976,1 million dollargacha mablag' sarflashga ruxsat berdi. Bu haqda AQSh prezidentining Davlat kotibi Entoni Blinken nomiga yo'llangan memorandumida ma'lum qilingan.

Ushbu mablag'lar Afg'onistondan kelgan qochqinlar va muhojirlarning kutilmagan shoshilinch ehtiyojlarini qondirishga, shuningdek, Afg'onistonda xavf ostida bo'lgan shaxslarni qo'shimcha ravishda boshqa joyga ko'chirishga yo'naltirilishi ko'zda tutilgan.

Bayden shunga o'xshash memorandumlarni iyul (100 million dollar) va avgust oylari oxirida (500 million dollar) ham imzolagan edi.

The Washington Post gazetasining yozishicha, 17 avgustdan buyon Amerika qo'shinlariga turli yordam bergan 60 mingdan ortiq afg'onistonlik evakuatsiya qilingan. Keyinchalik bu jarayon to'xtatilgandi, ammo 7 oktyabr kuni AQSh hukumati Afg'oniston fuqarolarini AQShga evakuatsiya qilish qayta tiklanganini ma'lum qilgan.

loading...