Metallurgiya sanoati faxriylari kengashi tuziladi

0

Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati sohasida pensionerlar va faxriylarga qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.

O'zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning Navoiy viloyatidagi, shuningdek, Toshkent viloyatining Olmaliq va Bekobod shaharlaridagi hududiy filiallari tuziladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

a) Kengash tuzilmasi;
b) Kengashning Navoiy, Olmaliq, Bekobod hududiy filiallari tuzilmalari;
v) O'zbekiston konchilik va metallurgiya sanoati faxriylari kengashi to'g'risidagi nizom, unda quyidagilar belgilangan: Kengashning huquqiy maqomi, huquqlari, vazifalari va funksiyalari; Kengashning huquq va majburiyatlari; uning faoliyatini tashkil etish tartibi; Kengashning moliyaviy mablag'larini shakllantirish tartibi va boshqalar.

Kengash “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, “O'zbekiston metallurgiya kombinati” AJ va boshqa metallurgiya sanoati tashkilotlarining pensionerlari va mehnat faxriylarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.

Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

konchilik va metallurgiya sanoati pensionerlari va faxriylarining ma'naviy ehtiyojlarini qondirish, ularning qonuniy huquqlari va manfaatlarini, munosib hayoti va ijtimoiy mavqeyini ta'minlash;
AJlar hamda respublikaning boshqa konchilik va metallurgiya sanoati korxonalari mehnat jamoalarining hayotida Kengashning hamda har bir pensioner va faxriy ishtirokining roli va ahamiyatini oshirish;
pensionerlar va faxriylarning ijtimoiy va moddiy holatini yaxshilash, ularga maishiy, tibbiy, madaniy va boshqa turdagi xizmatlarni ko'rsatish bo'yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ko'maklashish;
pensionerlar va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish choralarini yanada kuchaytirish bo'yicha takliflarni ishlab chiqishda ko'maklashish;
faxriylar ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy, madaniy, shuningdek, sport tadbirlarini tashkil etish, yoshlar bilan uchrashuvlar o'tkazish va boshqalar.
Kengashga respublika AJlar va boshqa metallurgiya korxonalarida ishlagan va respublika hududida yashovchi faxriylar a'zo bo'lishlari mumkin. Kengash a'zolariga qabul qilish talabgorlarning arizasi asosida amalga oshiriladi.

Kengash raisi Kengash ishiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi. Kengash qarorlari faqat tavsiyaviy kuchga ega bo'lib, Kengash tomonidan bevosita yoki bilvosita “Navoiy KMK” AJ, “Olmaliq KMK” AJ va “O'zmetkombinat” AJning moliyaviy-iqtisodiy va ishlab chiqarish faoliyatiga aralashilishiga yo'l qo'yilmaydi.

loading...