Dubayda dunyodagi eng katta tomosha g'ildiragi ochildi

0

Attraksion direktori Ronald Dreykning ta'kidlashicha, Ain Dubai’da 48ta kabina bor bo'lib, ulardan har biriga 40 nafargacha odam sig'adi. Tomosha g'ildiragida bir vaqtning o'zida 1750 kishi aylanishi mumkin. Biroq hozircha pandemiya sharoitida ijtimoiy masofaga amal qilish maqsadida kabinalarga 10 nafargacha odam qo'yilmoqda. G'ildirakning bitta to'liq aylanishi 38 daqiqa vaqt oladi.

E'tiborlisi, attraksion kabinalari o'lchami ikkita yonma-yon qo'yilgan ikki qavatli avtobusdan kattaroqni tashkil qiladi. Tashrif buyuruvchilarga 3 turdagi kabinalar: oddiy, divan va mini-bar bilan jihozlangan hamda turli tadbirlar, ziyofatlar uyushtirishga mo'ljallangan “vip-kabinalar” taklif qilinadi.

G'ildirakdan Dubay sohilbo'yini va yaqin orada joylashgan Palm Jumeyra orolini tomosha qilish mumkin bo'ladi.

Attraksion ochilishi munosabati bilan kechki payt salyut va dronlar shousi tashkil etilgan.

G'ildirakka chiptalar narxi 130 dirhamdan boshlanadi.

E'tiborlisi, tomosha g'ildiragiga rasmiy ochilishigacha Dubay valiahd shahzodasi Hamdan bin Muhammad Ol Maktum tashrif buyurib, uning eng baland nuqtasiga yetganda kabina tomiga chiqib qahva ichgan. Bu vaqtda g'ildirak bir joyda aylanmay to'xtab turgan.

Smithsonian Magazine nashriga ko'ra, dunyodagi ilk tomosha g'ildiragi 1893 yilda Chikagodagi Butunjahon ko'rgazmasi uchun ochilgan. 76 metrlik g'ildirak amerikalik muhandis quruvchi Jorj Vashington Geyl Ferris tomonidan loyihalangan bo'lib, uni yaratishda Parijdagi mashhur Eyfel minorasiga raqobatchilik qilishi maqsad qilingan.

korrespondent.net

loading...