Ilon Mask dunyoni tirbandlikdan xalos etmoqchi

0

Ilon Mask Las -Vegas yaqinida tunnellar tizimini qurishga ruxsat oldi. U deyarli 50 kilometr uzunlikdagi yerosti qatnov tarmog'ini yaratmoqchi. Bu haqida “Lenta.ru” xabar berdi.

 

Bilamizki, tirband yo'lda qolib ketgan haydovchi mushkul vaziyatdan chiqish uchun mashinasini yo “ko'tarib” o'tishi yoki “er ostiga olib tushishi” kerak bo'ladi. Maskning g'oyasi esa hozircha ikkinchi variantga to'g'ri keladi.

 

Tadbirkorning g'oyasiga ko'ra, “Vegas Loop” deb nomlangan tizim shahar aholisi va mehmonlariga “Tesla” avtomobillari yordamida yer ostida harakatlanish imkonini beradi. Bu nafaqat yangi dunyo ochadi, shu bilan birga bugunning asosiy muammolaridan biri bo'lgan yer usti transporti tirbandligini bartaraf etadi.

 

Birinchi stansiya qurilishi bir necha oy ichida yakunlanishi kerak.

 

Mazkur loyiha aslida hazil tariqasida boshlangan edi. 2016 yil 17 dekabrda Ilon Mask o'z “Twitter”da shahardagi tirbandlikdan ta'sirlanib, – «…men tunnel burg'ulash mashinasini yig'aman va qazishni boshlayman» – deb yozadi.

 

Oradan biroz vaqt o'tgach, odamlarni hayratlantirishdan charchamaydigan Mask mazkur ishni chindan ham boshlaganini e'lon qiladi. Albatta, buning uchun alohida kompaniya ham tashkil qilinishi kerak edi va tashkil etiladi ham. Uning nomi “The Boring Company” bo'lib, undagi “boring” so'zi bir vaqtning o'zida ham “zerikish”, ham “burg'ulash” degan ma'noni anglatadi. Bu esa yanada ajablanarli edi. Milliarder bu nom orqali hazil bilan boshlanib chinga aylanib ketgan loyihaga ishora qilgandek bo'ldi.

 

2017 yil fevral oyida “The Boring Company” mutaxassislari SpaceX ofisi hududida birinchi chuqurni burg'ulashni boshlaydi.

 

Ma'lum qilinishicha, Mask bu joyni byurokratik rasmiyatchilikka berilmaslik uchun tanlagan. Ya'ni, mulkdor o'z hovlisidan o'ra qazishi uchun boshqalardan ruxsat so'ramaydi. Mask ham aynan ana shu narsani nazarda tutib ilk qadamini o'ziga tegishli hududni qazishdan boshladi.

 

Aslida «“The Boring Company” loyihasi elektromobillarga o'tish yoki Marsda birinchi koloniya qurish g'oyasi kabi texnologik va qiziqarli tuyulmasdi. Yerni qaziyverish ham kishini zeriktirib qo'yadi. Eng yomoni tunnel elektr ulovga o'xshab shaxsiy mulk emas, u barchaniki. Shuning uchun ham “homiy kerak” deyilganda ko'pchilik bu loyihaga ergashavermadi. “The Boring Company” 2018 yildan boshlab marketing kompaniyalari yordamida odamlar e'tiborini jalb qilishni maqsad qildi.

 

Albatta, reklama — mahsulotni tanishtirish hamda homiy topish uchun eng yaxshi qurol. Ayni shu maqsadda, oradan tez o'tmay loyiha logotipi tushirilgan beysbol qalpoqlari sotila boshladi. Ular shunday xaridorgir chiqib qoldiki, hech qancha vaqt o'tmay 50 ming donasi sotilib ketdi. Undan keyin “olov purkagich” “o'yinchog'i” ishlab chiqildi. Bu matohni yaratishdan asosiy maqsad tushunarsiz edi, biroq “o'yinchoq” odamlarga yoqdi.

 

Ana shundan so'ng “unutilgan” tunnel loyihasi kishilar e'tiboriga tusha boshladi.

 

Ma'lumotlarga ko'ra, tunnellar tarmog'i 46 kilometrdan iborat bo'ladi. Tizimda 51 ta stansiya barpo etiladi. Ular shahar tumanlaridan birida quriladi. Bunday tizimning yo'lovchi tashish imkoniyati soatiga 57 ming kishini tashkil qilishi mumkin. Qurilish uch yil davom etadi.

 

Tunnel to'liq elektrlashtiriladi. Unda harakatlanadigan ulovlar ham elektromobillardan iborat bo'ladi. Tunnel korbonat angidrid chiqarmaydi. Shuningdek, tizim hozirgi umumiy transportlarga qaraganda juda kam energiya sarflaydi.

 

Bunday tunnellar “Hyperloop” deya atalib, unda kelgusida umumiy avtoulovlar o'rniga kapsulalar harakatlanadi. Mask hozirda faqat xayolda bo'lgan mazkur rejani taxminan o'n yil oldin tasvirlab bergan edi.

 

Kashfiyotchi germetik bo'shliqda katta tezlikda harakatlanadigan kapsulalarni o'rnatishga umid qilgan, ammo hozircha bunday loyihani texnik cheklovlar tufayli amalga oshirish mumkin emas.

 

Ha, aytgancha, ba'zi rasmiylar buni ahmoqona g'oya deb biladi. Ularning nazdida, bu safsata, shuningdek, mislsiz pulni havoga sovurish hamda minglab insonlarni ovora qilishdan boshqa narsa emas.

 

Tunnel yaratilganda ham odamlar undan shunchaki sayohat qilish uchun foydalanishi mumkin. Chunki yer ustidan ko'ra, ko'plar uchun yerosti taksisidan foydalanish qiziq. Biroq bu qatnovlarning kamayishi, tirbandliklarning yo'qolishiga hech qanday ta'sir qilmaydi.

 

“DDS Wireless” agentligi ma'lumotlariga ko'ra, Ilon Maskning mazkur loyihasi ma'lum bir shaharda muvaffaqiyatli bo'lgan taqdirda ham tunnellarning shahar transport tizimiga ta'siri ahamiyatsizligicha qoladi.

 

loading...