O'zbekistonga 9 mlrd so'mdan ortiq bo'lgan tovarlar noqonuniy olib kirilayotgani aniqlandi

0

Toshkent shahridagi «Chuqursoy» bojxona postida 9,1 milliard so'mlik soyabon, fonar, bolalar shari va LED-chiroqlar bojxona to'lovlarisiz olib kirilgani aniqlandi. Bu haqda «Daryo»ga Bojxona qo'mitasi axborot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo'limi xodimlari tomonidan «Chuqursoy» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o'tkazilgan. Unda temir yo'l orqali O'zbekistonga olib kirilgan tovarlar belgilangan tartibda ochib ko'rilib, konteynerdagi yuklar bojxona ko'rigidan o'tkazilgan.

Qayd etilishicha, tovarlar orasida yo'l-yuk kuzatuv hujjatlari qayd etilmagan 5300 ta soyabon, 251 mingdan ziyod fonar, 3,5 million dona bolalar uchun shar va 10 ming 900 dona LED-chiroq borligi aniqlangan.

«Mazkur tovarlarning umumiy qiymati salkam 9,1 milliard so'mni tashkil qilmoqda. Ularni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirish orqali yuk egalari dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra davlat byudjetiga undirilishi lozim bo'lgan 2,8 milliard so'mlik bojxona to'lovlarini ‘tejamoqchi’ bo'lgan», — dedi Husan Tangriyev.

 

Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

loading...