Koronavirusga chalingan bolani kompyuter tomografiya tekshiruvidan o'tkazish mumkinmi?

0

SSV Matbuot xizmati koronavirus infeksiyasining yosh bolalarda kechishi, ularni izolyatsiya qilish tartibi haqida batafsil ma'lumot olish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Abdumannop ABDUQAYuMOVga murojaat qildi:

— Ma'lumki, bahor va kuz oylarida ko'pchilik bolalar mavsumiy gripp kasalligiga chalinadi, — deydi A. Abduqayumov. — Koronavirus infeksiyasining klinik ko'rinishlari ularda xuddi ana shu gripp kabi kechadi. Kasallik og'irroq o'tayotgan bo'lsa, tana haroratining 37,5-39 S° darajagacha ko'tarilishi, holsizlik va bosh og'rig'i kuzatilishi mumkin. Kamdan-kam hollarda esa gastrointestinal shaklda — ko'ngil aynishi, qusish, qorin og'rig'i, diareya kabi belgilar aniqlanadi.

Kuzatuvlardan shu narsa ma'lum bo'lmoqdaki, koronavirusning yangi shtammlari ba'zi bolalarda juda og'ir o'tmoqda. Shu bois, ota-onalar farzandlari salomatligiga doimo e'tiborli bo'lishlari zarur.

— Ayrim ota-onalar farzandida tana harorati biroz ko'tarilgudek bo'lsa, bolani darhol shifoxonaga yotqizishga harakat qiladi. Bu qanchalik to'g'ri?

— Avvalo, shuni aytish kerakki, bolada tana haroratining ko'tarilishiga bir necha omillar sabab bo'ladi. Misol uchun, bir yoshgacha bo'lgan go'daklarda tish chiqayotgani uchun, katta yoshli bolalarda o'tkir respirator kasalliklarda ham tana harorati ko'tariladi.

Shu bois ota-onalar dastlab farzandining nega issig'i chiqayotganini bilish uchun uchastka shifokoriga murojaat qilishlari lozim. Shifokor bolani tekshiruvdan o'tkazish orqali isitma chiqishi sabablarini aniqlaydi va kerakli davo muolajalarini tayinlaydi. Qolaversa, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko'tarilganini anglatmaydi. Ya'ni, ota-onalar bolaning immun tizimini kasallikka qarshi kurashishiga qo'yib berishlari kerak.

Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyatsiya markaziga salbiy ta'sir etadi. Agar ona bolasiga tez-tez suyuqlik berib, uning holatini doimiy nazorat qilib borsa, ma'lum muddatdan so'ng tana harorati pasayadi.

— Koronavirusga chalingan bolani uyda izolyatsiya qilish tartibi qanday?

— Bola “izolyatsiya” degan so'zning ma'nosini tushunmaydi. Unga “ko'chaga chiqma” deya qayta-qayta aytaverish bilan bolani kasallikdan himoya qila olmaysiz. Aksincha, ko'p narsani taqiqlayverish bilan u depressiyaga tushib qolishi mumkin. Shu bois bolaga izolyatsiyani qo'rqitish bilan emas, o'yin tarzida tushuntirish maqsadga muvofiq.

Shuni unutmaslik kerakki, bolalarda koronavirus faqatgina yengil shaklda kechgan holatdagina uy sharoitida davolanadi. Kasallik o'rta va og'ir darajada o'tayotgan bo'lsa, shifoxonaga yotqizish zarur. Agar bolaning fibril tutqanog'i bo'lmasa, tana harorati 38-38,5 C° darajadan past bo'lganda isitmani tushirishga hojat yo'q. Shundan ortsagina “Paratsetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.

Isitma 5 kundan ortiq davom etsa va pasaymasa, pnevmoniya bor-yo'qligini tekshirish uchun o'pka rentgeni va kompyuter tomografiya tekshiruvini o'tkazish kerak. Kompyuter tomografiya tekshiruvida pnevmoniya aniqlangan taqdirda (qanday og'irlik darajasi bo'lishidan qat'i nazar) bolani shifoxonaga yotqizish lozim.

Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

loading...