Oyoqlarda shish paydo bo'lishining sababi nimada?

0

Oyoqlarda shish paydo bo'lishi ko'pchilikda kuzatiladigan holat. Organizmdagi zararsiz shish oyoqlarga bir necha soat dam berilganda o'z-o'zidan yo'qoladi. Og'riq, teri rangining o'zgarishi va boshqa alomatlar bilan birga muntazam ravishda shishning paydo bo'lishi biror kasallikning belgisi hisoblanadi.

Oyoqlarda shish paydo bo'lishining sabablari

Yurak yetishmovchiligi kasalligi

Ikkala oyoqning boldir qismida paydo bo'ladi, og'riq bo'lmaydi, paypaslaganda oyoqlar nisbatan sovuq, teri rangi ozgina ko'kimtir bo'lishi mumkin. Shish, asosan, kechqurun yuzaga keladi. Ko'p harakatsiz o'tirganda son va bel qismiga qo'shilishi mumkin. Shuningdek, oyoqlarining sovishi, aritmiya – yurakning notekis urishi, yurak sohasida og'riqlar, harakat qilganda nafas yetishmasligi kuzatiladi.

Tomir kasalliklari

Tomirlarning varikoz kengayishi. Oyoqlarda og'irlik va og'riq hissi to'piqdan boshlab boldirga o'tadi, boshlang'ich paytda tongda yo'q bo'lib ketadi, kasallik rivojlangan sari shishning yuzaga kelishi ortadi. Terida tomirlar kengayishi kuzatiladi, teri rangi ko'kimtir tusga kiradi.

Oyoq tomirlari trombozi. Shish birdaniga va tez paydo bo'ladi, teri rangi qizaradi, paypaslaganda issiq, og'riqli va zich bo'ladi. Bemorlar oyog'ini yonayotgandek his qiladi. Bu holat juda xavfli bo'lib, bemorlardan shoshilinch davolanish talab qiladi.

Buyrak kasalliklari

Shish to'piq va boldir qismida paydo bo'ladi. Paypaslaganda og'riq sezilmaydi. Ko'proq tongga yaqin kuzatiladi, shuningdek, ko'z ostida shish, peshobning rangi o'zgarishi ham mumkin.

Bo'g'im kasalliklari

To'piq va bo'g'imlar atrofidagi shish og'riqli bo'lib, uzoq vaqtgacha yo'qolib ketmaydi. Qolaversa, harakat qancha ko'p bo'lsa, oyoqlar shuncha ko'proq shishadi. Shuningdek, tana harorati ko'tarilishi, qo'ldagi bo'g'imlarda ham muammo paydo bo'lishi mumkin.

Oyoqlar shishishni boshlaganda bee'tibor bo'lmaslik kerak. Shishish bu ikkilamchi belgi, u boshqa kasalliklarning bir alomati. Kelib chiqish sababi vaqtida aniqlansa, kasalliklarni boshlang'ich davridayoq davolashga erishish mumkin.

loading...